Huquqiy islohotlarning yangi bosqichi: mahallani rivojlantirish orqali jamiyat yuksaladi
Mahalla nafaqat ma’muriy-hududiy birlik, balki xalqimiz hayotining asosi, milliy qadriyatlarimiz va an’analarimizning beshigidir. Shu bois, mamlakatimizda mahalla tizimini tubdan isloh qilish, fuqarolar o‘zini o‘zi boshqarish tizimini takomillashtirish, mahalla raislari va «mahalla yettiligi» vakillarining maqomini oshirish borasida keng ko‘lamli islohotlar amalga oshirilayotir.
Joriy yilning «Mahallani rivojlantirish va jamiyatni yuksaltirish yili» deb e’lon qilinishi ham mahallaga berilgan yuksak e’tiborning yana bir yorqin ifodasidir. Shuningdek, 16-fevral kuni Prezidentimizning “Mahallani rivojlantirish va jamiyatni yuksaltirish” yilida ustuvor yo‘nalishlar bo‘yicha islohotlar dasturlari va “O‘zbekiston – 2030” strategiyasini amalga oshirish bo‘yicha davlat dasturi to‘g‘risida”gi farmonining qabul qilinishi mamlakatimiz ijtimoiy-iqtisodiy hayotida yangi bosqichning boshlanishidan darak.
Toshkent davlat yuridik universiteti dekani, yuridik fanlar doktori, professor B.Musayevning ta’kidlashicha ham ushbu hujjatlar mahalla qonunchiligiga, davlat boshqaruvi va sud-huquq tizimiga bevosita taalluqli bo‘lgan qator muhim vazifalarni belgilab berdi. Mutaxassis mahalla infratuzilmasini isloh qilishning huquqiy asoslari, «Raqamli mahalla» va fuqarolar ishtiroki, mahallada xavfsiz muhit yaratish va bunda yuridik ta’lim muassasalarining amaliy ishtiroki haqida quyidagicha fikr bildirdi:
– Ushbu Davlat dasturi mahalla sohasidagi qonunchilikka bir qator yangi huquqiy mexanizmlarni joriy etishni nazarda tutadi, – deydi B.Musayev. – Birinchidan, mahallalarga moliyaviy mustaqillik berilmoqda. Mahallaning ijtimoiy-iqtisodiy muammolarini hal etish jamg‘armasi mablag‘larini shakllantirishning yangi manbalari belgilanmoqda. Jumladan, jismoniy shaxslardan olinadigan mol-mulk va yer solig‘i bo‘yicha undirilgan mablag‘larning 15 foizi hamda mahalla hududida sanitariya va noqonuniy qurilish bo‘yicha undiriladigan jarimalarning 10 foizi ushbu jamg‘armaga yo‘naltiriladi. Bu mahalla byudjetlari to‘g‘risidagi qonunchilikka tub o‘zgartirishlar kiritilishini anglatadi. Mazkur tartib yiliga qo‘shimcha 300 milliard so‘m mablag‘ tushishini ta’minlaydi.
Ikkinchidan, mahalla raislarining mablag‘lar sarfi bo‘yicha har chorakda ommaga ochiq hisobot berishi amaliyoti joriy etilmoqda. Bu jamoatchilik nazoratini mustahkamlashga, mahallada shaffoflikni ta’minlashga va korrupsiyaning oldini olishga qaratilgan muhim huquqiy mexanizm hisoblanadi.
Uchinchidan, «Mahalla yettiligi» faoliyatini isloh qilish bo‘yicha jiddiy qadamlar belgilanmoqda. Eksperiment tariqasida 500 ta mahallada «mahalla yettiligi» vakillarini o‘z mahallasidan tayinlash amaliyoti joriy etiladi. Ularga o‘z faoliyati bilan bog‘liq bo‘lmagan vazifalarni yuklash qat’iy taqiqlanadi. Bu mahalla qonunchiligida vakillar maqomini himoya qiluvchi muhim kafolat hisoblanadi.
Dasturning eng muhim yangiliklaridan biri, aholi muammolarini «xonadonbay» o‘rganish tizimini joriy etishdir. «Mahalla yettiligi» vakillari har bir xonadon kesimida muammolarni reja-grafikka asosan o‘rganib, aniqlangan muammolarni «Raqamli mahalla» elektron platformasiga kiritadi. Sun’iy intellekt texnologiyalari orqali muammolar tegishli vazirlik va idoralarga taqsimlanadi. Ushbu tizim 100 dan ziyod davlat organlarining aholi muammolarini hal etishdagi to‘g‘ridan-to‘g‘ri ishtirokini ta’minlaydi.
Alohida ahamiyatga molik jihat shuki, «Mahallam – loyiham» dasturi doirasida fuqarolar o‘z mahallasidagi ijtimoiy, iqtisodiy yoki ekologik yo‘nalishdagi masalalarni ovoz berish orqali hal etish imkoniyatiga ega bo‘lmoqda. Bu ishtirokchi demokratiyaning eng zamonaviy ko‘rinishidir. «Raqamli mahalla» platformasi orqali fuqarolar nafaqat muammoni, balki uning yechimini ham tashabbus qilishi mumkin.
Davlat dasturida mahallalar infratuzilmasini takomillashtirish uchun 20 trillion so‘m mablag‘larni yo‘naltirish belgilangan. Mahalla hududlarida ishlab chiqarish korxonalari va xizmat ko‘rsatish nuqtalarini tashkil etish uchun jami 5 trillion so‘m kredit mablag‘lari ajratiladi. Natijada 10 mingdan ziyod ishlab chiqarish va xizmat ko‘rsatish loyihalari ishga tushirilib, mahallalarda qo‘shimcha 100 mingta yangi ish o‘rni yaratiladi.
Mahalla xodimlari faoliyatini ilmiy asosda tashkil etish uchun Mahallani rivojlantirish milliy instituti tashkil etilmoqda. Bu institutda «Mahalla boshqaruvi», «Hududiy rejalashtirish va rivojlanish», «Liderlik va barqaror rivojlanish» kabi yo‘nalishlarda magistratura bosqichida o‘qitish tizimi yo‘lga qo‘yiladi. Shuningdek, 20 mingga yaqin mahalla tizimi xodimlari va «mahalla yettiligi» vakillari malakasini oshirish tizimi joriy etiladi.
«Jamiyatdagi faollikni rag‘batlantirish» loyihasi doirasida mahallada faol bo‘lgan fuqarolarga davlat xizmatlaridan foydalanishda chegirmalar, oliy ta’lim tashkilotlarida to‘lovlarning bir qismini qoplab berish kabi rag‘batlantirish choralari belgilanmoqda. Bu «Time banking» tizimi asosida jamiyatda fuqarolik javobgarligini shakllantirishning innovatsion yondashuvi hisoblanadi.
“Mahallani rivojlantirish va jamiyatni yuksaltirish yili”ning yana bir muhim huquqiy asosi – Prezidentimizning 2026-yil 5-yanvardagi «Respublika mahallalarida xavfsiz muhitni yaratish yo‘nalishida yaxlit manzilli ishlash tizimini joriy etishga qaratilgan qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida»gi qarori hisoblanadi. Mazkur qaror mahallalarda jinoyatchilikni qariyb 1,5 baravarga kamaytirishga erishilganini inobatga olgan holda qabul qilingan bo‘lib, ijtimoiy profilaktika samaradorligini yanada oshirish, oila-turmush munosabatlari doirasidagi jinoyatlarning oldini olish va aholi murojaatlariga tezkorlik bilan munosabat bildirish tizimini yaratishni maqsad qilib qo‘ygan.
Ushbu qarorning muhim yangiligi shundaki, kriminogen vaziyati og‘ir mahallalar bevosita tuman hokimlari, prokurorlar va ichki ishlar organlari rahbarlariga biriktirilgan. Uch yildan buyon «qizil» toifada qolayotgan mahallalar esa huquq-tartibot idoralarining ta’lim va ilmiy tashkilotlariga yuklatilgan. Bu yerda yuridik oliy ta’lim muassasalarining mahalla hayotiga bevosita taalluqli bo‘lgan amaliy-ilmiy ishtiroki alohida ahamiyat kasb etadi.
Toshkent davlat yuridik universiteti ham qarorda belgilangan vazifalarni amalga oshirish doirasida bir qator tizimli loyihalarni ishga tushirgan. Jumladan, universitet kriminogen vaziyati murakkab mahallalarda bevosita ishlash tizimini yo‘lga qo‘ygan bo‘lib, professor-o‘qituvchilar va doktorantlar mahallalarga chiqib, jinoyatchilikning oldini olish bo‘yicha muammolarni atroflicha o‘rganmoqda. Xususan, universitet jamoasi Yashnobod tumanidagi mahallalarda bevosita bo‘lib, kriminogen vaziyatni tahlil qilish va aholining ijtimoiy-maishiy muammolarini ilmiy hamda amaliy o‘rganish ishlarini olib bormoqda.
Qarorda aholining huquqiy ongi va madaniyatini yuksaltirish ustuvor vazifalar qatorida belgilangan. Universitet ushbu vazifani amalga oshirish maqsadida bir nechta innovatsion loyihani ishga tushirgan. Xususan, «Xonadondan chiqmasdan bepul huquqiy yordam» loyihasi doirasida fuqarolar uylaridan chiqmasdan, masofaviy tarzda yuridik maslahat olish imkoniyatiga ega bo‘lmoqda. Bu ayniqsa, uzoq mahallalarda yashovchi, ijtimoiy ojiz toifadagi fuqarolar, nogiron shaxslar, yoshi ulug‘ kishilar uchun muhim ahamiyat kasb etadi. Loyiha mahalladagi «xonadonbay» o‘rganish tizimi bilan chambarchas holda ishlab, aniqlangan huquqiy muammolarni tezkor hal etishga xizmat qilmoqda.
Shuningdek, bepul huquqiy maslahat ko‘rsatish tizimi (pro bono) doirasida universitet professor-o‘qituvchilari va yuqori kurs talabalari mahallalarda muntazam tarzda bepul huquqiy maslahatlar ko‘rsatmoqda.
Universitetning Street Law loyihalari ishtirokchilari tomonidan mahallalar aholisi o‘rtasida bevosita huquqiy savodxonlik targ‘ibot kampaniyalarini tashkil etilmoqda. Talabalar mahallalarga chiqib, kundalik hayotda uchraydigan huquqiy masalalar: oila huquqi, kiberfiribgarlikdan himoyalanish, mehnat huquqlari, yoshlar o‘rtasida jinoyatchilikning oldini olish kabilar bo‘yicha ommaviy-tushuntirish ishlarini olib bormoqda. Bu ushbu qarorda belgilangan ta’sirchan targ‘ibot kampaniyalarini olib borish, aholining huquqiy ongi va madaniyatini oshirish to‘g‘risidagi talablarini bajarish bo‘yicha amaliy mexanizm hisoblanadi.
Universitet tumanlardagi ta’lim sifati past bo‘lgan maktablarni huquqiy savodxonlik va o‘quv-uslubiy jihatdan otaliqqa olgan. Toshkent shahar Yashnobod va Yangihayot tumanidagi umumta’lim maktablarida yoshlar o‘rtasida jinoyatchilikni oldini olish bo‘yicha manzilli tadbirlar o‘tkazilmoqda. Oilaviy nizolarni hal qilish va oilani mustahkamlash bo‘yicha mahalla mas’ullari uchun davra suhbatlari tashkil etilgan, sud xodimlari bilan oilaviy nizolarni sudgacha hal etish bo‘yicha uchrashuvlar o‘tkazilgan.
Ushbu tajriba shuni ko‘rsatadiki, yuridik oliy ta’lim muassasalari mahalla islohotlari jarayonida nafaqat ilmiy-nazariy, balki amaliy «ijtimoiy buyurtmachi» vazifasini ham bajarishi mumkin. Prezident qarorida belgilangan «ilmiy xulosa – tavsiya – natija» tamoyili aynan shu yondashuvning amaliy ifodasidir. Universitet jamoasi mazkur tamoyilni amaliyotda samarali qo‘llab, mahalla islohotlariga o‘z hissasini qo‘shmoqda.
Xulosa qilib aytganda, Prezidentimizning 2026-yil 16-fevraldagi tegishli farmoni va Davlat dasturi mahalla sohasidagi qonunchilikni tubdan takomillashtirish, mahallalarda xavfsiz muhit yaratish, fuqarolar o‘zini o‘zi boshqarish organlarining moliyaviy mustaqilligini oshirish, raqamli texnologiyalarni joriy etish va sud-huquq tizimini xalqaro standartlarga moslashtirishga qaratilgan keng ko‘lamli huquqiy islohotlar dasturidir. Ushbu islohotlar natijasida mahalla — huquqiy jihatdan mustahkamlangan, moliyaviy jihatdan mustaqil, raqamli texnologiyalar bilan jihozlangan, fuqarolarning faol ishtiroki ta’minlangan zamonaviy ijtimoiy institutga aylanadi.
Mohigul Qosimova, O‘zA