Hindiston “do‘zaxga o‘xshash joy” degan ta’rifga norozilik bildirdi
Hind rasmiylari Oq uy rahbari Donald Tramp tomonidan tarqatilgan radio dastur stenogrammasida Hindiston “do‘zaxga o‘xshash joy” sifatida tilga olingani yuzasidan keskin norozilik bildirdi.
Ma’lum qilinishicha, bu fikrlar amerikalik sharhlovchi Maykl Sevidjning “The Savage Nation” radio dasturidagi chiqishi davomida aytilgan. Tramp esa ushbu chiqish stenogrammasini o‘zining “Truth Social” ijtimoiy tarmoq sahifasida hech qanday izohsiz e’lon qilgan.
Stenogrammada Maykl Sevidj AQSHda tug‘ilgan bolalar fuqarolik olishi orqali keyinchalik oilalarini xorijdan, jumladan Hindistondan olib kelishini tanqid qilib, aynan shu davlatlarni “do‘zaxga o‘xshash joylar” deb atagan.
Hindiston Tashqi ishlar vazirligi ushbu bayonotlarni asossiz va noo‘rin deb baholadi. Vazirlik vakili Randhir Jaysval bu so‘zlar ikki davlat o‘rtasidagi o‘zaro hurmat va hamkorlik ruhiga zid ekanini ta’kidladi.
Shuningdek, Hindistonning muxolif partiyalari ham ushbu bayonotni haqoratli deb baholab, mamlakat bosh vaziri Narendra Modini bu masalani AQSH prezidenti bilan muhokama qilishga chaqirdi. Ayni paytda Qo‘shma Shtatlarda tug‘ilganlik asosida fuqarolik berish tartibini cheklash masalasi AQSH Oliy sudida ko‘rib chiqilmoqda.
F.Yaxshiboyeva, O‘zA