BMT: G‘azodagi nizoning asl qurbonlari – ayollar
2023-2025-yillar davomida G‘azoda 38 mingdan ortiq ayol-qizlar halok bo‘lgan. Bu ko‘rsatkich urush qurbonlarining yarmidan ortig‘ini tashkil etadi. Hisob-kitoblarga ko‘ra, har kuni o‘rtacha 47 nafar ayollar hayotdan ko‘z yumgan.
BMT hisobotida qayd etilishicha, qurbonlar soni aslida bundan ham yuqori bo‘lishi mumkin, chunki vayronalar ostida qolgan jasadlarni olib chiqish qiyinligi va sog‘liqni saqlash tizimi izdan chiqqanligi aniq hisob yuritishga to‘sqinlik qilmoqda. Ayniqsa, tinch aholi infratuzilmasiga zarbalar kuchaygan davrlarda o‘lim holatlari keskin oshgan.
Urushning oqibatlari faqat qurbonlar bilan cheklanmaydi. Mintaqada minglab ayollar nogironlikka duch kelgan, ko‘plab oilalarda esa ayollar ro‘zg‘or tebratishni o‘z yelkasiga olgan. Hozirda o‘n minglab xonadonlar ayollar rahbarligida yashamoqda va ular iqtisodiy, ijtimoiy hamda ruhiy bosim ostida qolmoqda.
Shu bilan birga, tibbiy xizmatlar, xususan onalik va reproduktiv salomatlikka oid xizmatlar deyarli izdan chiqqan. Ovqat, dori-darmon va gigiyena vositalari tanqisligi esa ayollar hayotini yanada og‘irlashtirmoqda. Ekspertlar fikricha, ayollar va qizlar urush oqibatlarini eng ko‘p his qilayotgan qatlam sifatida alohida himoya va qo‘llab-quvvatlashga muhtoj.
Musulmon Ziyo, O‘zA