Harbiy qismda bir kun
FOTOREPORTAJ
Sharqiy harbiy okrug Farg‘ona garnizonidagi harbiy qismda “Xalq va armiya - bir tanu, bir jondir!” ezgu g‘oyasi asosida “Harbiy qismda bir kunim” tadbiri tashkil etildi.
Yoshlarda Vatan taqdiriga daxldorlik tuyg‘usini mustahkamlash, el-yurt osoyishtaligini himoya qilishga, harbiylikka qiziqishini oshirish maqsadida o‘tkazilgan tadbirda Farg‘ona viloyatidagi Jasorat maktablari o‘quvchi-yoshlari ishtirok etdi.
[gallery-22006]
Tadbir doirasida tarixda o‘tgan buyuk sarkardalarimizning hayoti va faoliyati, ularning harbiy san’at taraqqiyotiga qo‘shgan hissalari xususida ma’lumotlar berildi. Qurol-aslaha va texnikalar, zamonaviy asbob hamda anjomlar bilan tanishtirildi. O‘quv trenajerlarida otish bo‘yicha amaliy mashqlar bajarildi. Bir so‘z bilan aytganda, kun davomida harbiy qismda bo‘lgan yoshlar egniga harbiy libos kiyib, o‘zlarini haqiqiy harbiy xizmatchidek his qildilar. Saf tayyorgarligidan o‘tib, qo‘l jangi elementlarini o‘rganishdi. Harbiy qism oshxonasidagi tushlikda vatan himoyachilari taomnomasidan o‘rin olgan osh-ovqatlardan tatib ko‘rildi.
Shu kuni harbiy qism Madaniyat markazida “Uch avlod uchrashuvi” , so‘ng vatanparvarlik mavzusida kinofilm namoyishi uyushtirildi.
Tadbir yakunida faol ishtirok etgan bir guruh yoshlar munosib taqdirlandi. Vatanparvarligi, buyuk ajdodlarimiz ma’naviy merosi va milliy an’analarimizni o‘rganishda tengdoshlari orasida ko‘rsatayotgan tashabbuskorligi uchun ikki nafar o‘g‘longa O‘zbekiston Respublikasi Davlat bayrog‘i hamda maxsus yorliq tantanali ravishda topshirildi.
Muqimjon QODIROV (surat), O‘zA