Har kuning Navro‘z bo‘lsin!
Yurtimiz uzra bahor shabadasi esib, ko‘ngillarga xushnudlik baxsh etmoqda. Quyoshning iliq taftidan bahra olayotgan zamin, dov-daraxtlar yashil libos kiymoqda. Zilol suvlar shildirab oqayotgan ariqlar bo‘ylarida, dalalarda ko‘katlar bosh ko‘tarib, ko‘kka bo‘y cho‘zmoqda.
Xalqimizning qadimiy bayrami – Navro‘zda yurtdoshlarimiz bir-birlariga shukronalik, elimizga tinchlik va omonlik tilaydilar. Tabarruk keksalarning qo‘llari doim duoda.
Yurtimizning har bir go‘shasida bahoriy bayramlar, sayllar davom etib, navro‘zni ulug‘lash kishilarga zavq ulashmoqda. Toshkent shahar Sergeli tumanidagi 352-maktabda ham Navro‘z bayrami keng nishonlandi.


Bayram tadbiriga mahallada istiqomat qilayotgan nuroniy otaxonlar, tabarruk onaxonlar ham taklif etildi. Bayram, albatta, ular bilan yanada fayzli bo‘ldi. Tadbirda yuqori sinf o‘quvchilar milliy urf-odatlarimizni namoyish etib, raqslar, qo‘shiqlar hamda sahna ko‘rinishlari bilan barchaga bayramona kayfiyat ulashdi.

O‘quvchilar tomonidan qozonlarda turli viloyatlarning o‘ziga xos tarzdagi o‘zbegimning shohona taomi osh tayyorlandi. Maktab jamoasi va keksalar har bir qozondagi oshga shaffof tarzda baho berdilar. G‘oliblar aniqlanib, munosib taqdirlandi.



Dasturxonlarga sumalak, ko‘k somsa, ko‘k chuchvara va turli bahoriy pishiriq va shirinliklar tortildi. O‘quvchilarning qo‘l mehnati bilan tayyorlangan milliy liboslar ko‘rgazmasi va qiziqarli chiqishlar bayramga o‘zgacha fayz bag‘ishladi. O‘quvchilar tomonidan ijro etilgan kuy, qo‘shiq va raqslar, sport yo‘nalishi bo‘yicha namoyish etilgan chiqishlar, qadimiy urf-odatlar va an’analarimizni o‘zida aks etgan sahna ko‘rinishlari barchaga ko‘tarinki kayfiyat ulashdi. Navro‘z shodiyonalari har bir mahallada, har bir xonadonlarda ko‘tarinkilik bilan davom etmoqda.
Asror Sulaymonov, O‘zA.