Hakim at-Termiziy ziyoratgohi – sayyohlarni o‘ziga chorlovchi muborak maskan
Ma’lumki, Surxondaryo viloyatiga kelgan har bir sayyoh buyuk alloma va avliyolar qadamjolarini ixlos bilan ziyorat qiladi.
Hozir nafaqat O‘rta Osiyo, balki islom olamida mashhur bo‘lgan Al-Hakim at-Termiziy ziyoratgohi X-XIV asrlarga tegishli me’moriy yodgorlik majmuasi hisoblanadi.
Amudaryo bo‘yida joylashgan buyuk mutafakkir ziyoratgohi viloyatdagi eng obod, eng ko‘rkam maskanlardan biriga aylangan. Bu muqaddas dargohga ziyoratga keluvchi mahalliy va xorijiy sayyohlar soni ham yildan-yilga ko‘payib bormoqda.
Bu yerga kelgan sayyohlar buyuk bobomiz qabrlarini ziyorat qilish bilan birga, parvarishlanayotgan 39 mingta turli manzarali va ko‘rkam tropik daraxtlar, atrofga o‘zgacha chiroy baxsh etayotgan gullardan ham o‘zgacha zavq oladi.
– So‘nggi paytlarda mazkur ziyoratgohga keluvchilar uchun qulaylik yaratish maqsadida bir qator ishlarni amalga oshirdik, – deydi Hakim at-Termiziy yodgorlik majmuasi direktori Abduraim Choriyev. – O‘tgan yili namozxonlar uchun barcha qulayliklarga ega 29 o‘rinli tahoratxona qurildi. Bundan tashqari, ziyoratgoh yonida viloyat va tuman hokimliklari bilan kelishilgan holda, mahalliy tadbirkorlarning mablag‘i hisobidan ko‘rkam 10 ta savdo rastasi ham qurilib, foydalanishga topshirildi. Buning natijasida qo‘shimcha ish joyi yaratildi. Hunarmandlar o‘zlari qo‘l mehnati bilan yasagan ko‘zalar, tikilgan chiroyli surxon kashtalari, boysun do‘ppilarini ko‘rsangiz ko‘zingiz quvnaydi.
Malumotlarga ko‘ra, Hakim at-Termiziy 400 dan ortiq asarlar yozgan bo‘lib, ular dunyoviy va diniy ilmlarning turli sohalariga bag‘ishlangan. Bobomiz asarlarining 50 dan oshig‘i bugungi kungacha yetib kelgan.
Majmua hududidagi Termiz va termiziylar merosi tarixi muzeyida viloyatning tarixiy yodgorlik namunalari namoyish etilmoqda.
Muzey bo‘lim mudiri Umid Yo‘ldoshevning ta’kidlashicha, bu yerda qadimgi Termiz shahri qazishma ishlarida topilgan 300 ga yaqin turli ashyolar, tarixiy qo‘lyozmalar, uy-ro‘zg‘or buyumlari va harbiy qurollar jamlangan. Qadimgi asrlarga oid Buddaviylik, Islom dinlariga oid eskponatlar kolleksiyasini tomosha qilganganingizda o‘sha davrlar haqida taassurotlarga ega bo‘lish mumkin.
Shuningdek, sayyohlarga qo‘shimcha axborot berish maqsadida Termiziy bobomiz haqida hujjatli filmlar ham namoyish etiladi.
Shu kunlarda mazkur yodgorlik majmuasi ziyorat uchun kelgan sayyohlar bilan gavjum. Prezidentimizning 2021 yil 9 fevraldagi “O‘zbekiston Respublikasida ichki va ziyorat turizmini yanada rivojlantirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi farmoni bilan oilaviy sayohat qiluvchilar, xususan, ota-onalar, qarindoshlar, qariyalar va yoshlar bilan birgalikda muqaddas qadamjolarga kelish uchun barcha zarur qulaylik yaratilyapti.
A.Musayev, T.Mamadaminov (surat), O‘zA