Fuqarolik jamiyati institutlari faoliyati hamisha e’tiborda
Davlatimiz rahbarining qo‘llab-quvvatlashi bilan so‘nggi yillarda mamlakatimizda nodavlat notijorat tashkilotlari va fuqarolik jamiyatining boshqa institutlarini qo‘llab-quvvatlash, davlat organlari va ular o‘rtasida ijtimoiy sheriklikni kuchaytirish, ta’sirchan jamoatchilik nazoratini amalga oshirish, shuningdek, ushbu sohani tartibga soluvchi huquqiy bazani takomillashtirish borasida izchil ishlar olib borildi.
Prezidentimizning 2021 yil 4 martdagi “2021 — 2025 yillarda fuqarolik jamiyatini rivojlantirish konsepsiyasini tasdiqlash to‘g‘risida”gi farmoni mamlakatimizda erkin fuqarolik jamiyatini yanada rivojlantirish, inson huquqlari va qonuniy manfaatlarini, demokratik qadriyatlarni himoya qilish, aholining siyosiy madaniyati va huquqiy ongini oshirishda muhim ahamiyat kasb etmoqda. Shuningdek 2023 yilda qabul qilingan yangi tahrirdagi O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasida jamoat birlashmalari va boshqa nodavlat notijorat tashkilotlari, fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlari, ommaviy axborot vositalari fuqarolik jamiyatining asosini tashkil etishi belgilab qo‘yildi.
– Joriy yilning o‘zida sohaga oid 20 ga yaqin normativ-huquqiy hujjat qabul qilindi, – deydi O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi huzuridagi Fuqarolik jamiyati institutlarini qo‘llab-quvvatlash jamoat fondining Qoraqalpog‘iston Respublikasi bo‘linmasi boshlig‘i Paraxat Turdimuratov – Xususan, birgina 2025 yil 21 avgustdagi O‘zbekiston Respublikasining “O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga qo‘shimcha va o‘zgartishlar kiritish to‘g‘risida” gi qonuni bilan fuqarolik jamiyati institutlari faoliyatiga oid 10 ta qonunga o‘zgartish va qo‘shimcha kiritildi.
Ma’lumki davlatimiz rahbarining 2024 yil 26 avgustdagi “Fuqarolik jamiyati institutlarini davlat tomonidan qo‘llab-quvvatlash tizimini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi farmoni fuqarolik jamiyati institutlari uchun juda muhim hujjatlardan biri bo‘ldi. Farmonga muvofiq, har yili dekabr oyining birinchi haftasida “Fuqarolik jamiyati haftaligi”ni o‘tkazish belgilangan. Mamlakatimizda fuqarolik jamiyati institutlarining o‘rnini mustahkamlash, davlat va jamiyat o‘rtasida ijtimoiy sheriklikni rivojlantirish, jamoatchilik nazorati, ularning imkoniyatlarini kengaytirish uchun muhim huquqiy va tashkiliy asos yaratdi.
Fuqarolik jamiyati institutlarini davlat tomonidan qo‘llab-quvvatlashning ochiq-oshkora va sog‘lom raqobat tamoyiliga asoslangan tizimi joriy etildi. Shuningdek, ijtimoiy foydali loyihalar samaradorligini oshirish maqsadida, fuqarolik jamiyati institutlarini davlat tomonidan qo‘llab-quvvatlashning 6 ta asosiy yo‘nalishi belgilab berildi.
Oliy Majlis huzuridagi Fuqarolik jamiyati institutlarini qo‘llab-quvvatlash jamoat fondi qayta tashkil etildi. Jamoat fondi mablag‘larini boshqarish bo‘yicha Oliy Majlis Senatining 8 nafar a’zosi va Qonunchilik palatasining 8 nafar deputatidan iborat Parlament komissiyasi ish boshladi. Shuningdek, fuqarolik jamiyati institutlarining muhim tashabbus va loyihalarini davlat tomonidan qo‘llab-quvvatlashning yangi tizimi yaratildi.
Xususan, joriy yildan boshlab, Parlament komissiyasi a’zolari mahalliy Kengash deputatlari bilan birgalikda aholi bilan uchrashuvlar tashkil etgan holda ijtimoiy soha va mahallalardagi aniq muammolarni o‘rganib, ularni manzilli hamda samarali hal etishga qaratilgan davlat granti va ijtimoiy buyurtma tanlovlarini e’lon qildi. Nodavlat notijorat tashkilotlarini ro‘yxatdan o‘tkazish, ularga davlat grantlari va subsidiyalar ajratish jarayonlarini shaffof elektron platforma orqali amalga oshirish tizimi joriy etildi.
Fuqarolik jamiyati institutlarini rag‘batlantirish maqsadida “Fuqarolik jamiyatini rivojlantirishga qo‘shgan hissasi uchun” ko‘krak nishoni beriladigan bo‘ldi. Har ikki yilda bir marta fond tomonidan taqdirlanadigan “Fuqarolik tashabbusi” milliy mukofoti joriy etildi. 2025 yilda Qoraqalpog‘iston Respublikasidan “Fuqarolik jamiyatini rivojlantirishga qo‘shgan hissasi uchun” ko‘krak nishoni va “Fuqarolik tashabbusi” milliy mukofotiga nomzodlarning hujjatlari taqdim etildi.
Oliy Majlis huzuridagi jamoat fondi, uning Qoraqalpog‘iston Respublikasi bo‘limi tomonidan e’lon qilingan davlat granti tanlovlarida fuqarolik jamiyati institutlari o‘z loyihalari bilan faol ishtirok etib kelmoqda. Parlament komissiyasining qarorlariga muvofiq, 2025 yil uchun jamoat fondi va uning Qoraqalpog‘iston Respublikasi bo‘limi tomonidan e’lon qilingan davlat granti tanlovlarida, jami 19 ta fuqarolik jamiyati institutining loyihasi g‘olib bo‘ldi va jami 1 milliard 774 million so‘mga moliyalashtirildi. Shundan davlat granti asosida moliyalashtirilgan 14 ta loyiha to‘liq yakunlandi.
Shuni aytib o‘tishimiz kerakki, loyihalar samaradorligi o‘tgan yilga nisbatan ancha oshgan. Masalan, 2024 yil davomida 18 loyiha amalga oshirilib, har bir loyiha doirasida 15-20 nafargacha fuqaroning muammolari asosida kasbga o‘qitish, hunar o‘rgatish va bandligini ta’minlash kabi masala hal etilgan bo‘lsa, joriy yilda Prezidentimizning 2024 yil 26 avgustdagi “Fuqarolik jamiyati institutlarini davlat tomonidan qo‘llab-quvvatlash tizimini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi farmoniga muvofiq davlat grantlari manzilli tarzda aholining ijtimoiy ahamiyatga ega va dolzarb masalalari o‘z yechimini topmoqda. Har bir loyiha doirasida 2 ming 500 nafargacha aholining ko‘p yillar davomida o‘z yechimini kutayotgan muammolari ijobiy yechimini topmoqda.
Xususan, Shumanay tumanining "Birleshik" ovul fuqarolar yig‘ini aholisining bandligini ta’minlash maqsadida 2 ta nasos va quyosh paneli o‘rnatildi. Shuning natijasida hududdagi 205 ta xonadonning va shu tumanning "Qoraboyli" ovul fuqarolar yig‘inida 2 ta nasos o‘rnatilib, 120 ta xonadonning tomorqa yerlarini sug‘orish uchun sharoit yaratildi. Shuningdek, davlat granti asosida aholi salomatligini yaxshilash bo‘yicha amalga oshirilgan loyihalar doirasida Shumanay tumanining Mamiy mahallasida yashovchi 38 yoshli fuqaroning va Navro‘z mahallasida yashovchi 2 yoshli bolaning jarrohlik amaliyoti o‘tkazilib, salomatligi tiklandi. Bugungi kunda Qonliko‘l tumani "Madaniyat" mahalla fuqarolar yig‘inida yashovchi fuqaroning jarrohlik amaliyoti uchun 37 million so‘m mablag‘ o‘tkazib berilmoqda.
Xo‘jayli tumani "Qirqinchi" mahalla fuqarolar yig‘ini hududidagi ko‘chalarda jami 3,7 km masofaga 93 dona, Ellikqal’a tumani "Barhayot" mahallasining 3 ko‘chasiga 51 dona tungi yoritish chirog‘i, quyosh panellari o‘rnatildi. Mahallalardagi nuroniylar, bolalar va nogironligi bo‘lgan shaxslarning tungi vaqtlarda ham xavfsiz harakatlanishi uchun sharoitlar yaratildi. Qonliko‘l tumani “Oltinko‘l” ovul fuqarolar yig‘inining 25 ta xonadoni toza ichimlik suvi bilan ta’minlandi.
Nukus shahridagi “Sharq” mahalla fuqarolar yig‘inida bolalar maydonchasi qurib bitkazildi. Xo‘jayli tumani "Navro‘z" mahalla fuqarolar yig‘inida ham bolalar maydonchasi qayta ta’mirlab berildi.
Nukus tumani "Samanbay" ovul fuqarolar yig‘ini aholisini sifatli elektr energiyasi bilan ta’minlash maqsadida davlat granti mablag‘i hisobidan yangi zamonaviy elektr transformator o‘rnatildi.
Taxtako‘pir tumani "O‘zbekiston" ovul fuqarolar yig‘inida yashovchi 2-guruh nogironi B.Allambergenovaning uyi davlat granti hisobidan to‘liq ta’mirlab berildi. Qorao‘zak tumani .S.Kamalov ovuli fuqarolar yig‘ini hududidagi 3 ta ovul aholisining mahalla markaziga qatnashi, bolalarning maktabga borish muammolarini hal etish maqsadida piyodalar ko‘prigi yangidan qurildi. 3 ovulda 100 ga yaqin xonadonda 350 ga yaqin aholi yashaydi, 70 dan ortiq bolalarning maktabga xavfsiz to‘g‘ri yo‘ldan borishi uchun sharoit yaratildi.
Beruniy tumanidagi "Shabboz" ovul fuqarolar yig‘ini aholisi tomorqasidan foydalanishi uchun elektr energiyasini tejaydigan 2 ta zamonaviy nasos o‘rnatildi. Ushbu nasoslar mahallaning 390 ta xonadoni tomorqasini sug‘orish uchun suv bilan ta’minlaydi. Aholining o‘z tomorqalaridan samarali foydalanishi uchun sharoit yaratildi. Tumandagi "Tinchlik" mahallasi hududida bolalar sport maydonchasi qurib berildi.
Bo‘lim tomonidan Qoraqalpog‘iston Respublikasining shahar va tumanlarida “Bir million” daraxt aksiyalari tashkil etilib, uning doirasida 350 ga yaqin mevali va manzarali daraxt ko‘chati ekildi.
Nukus shahrida o‘tkazilgan "Toza hudud" aksiyasida 130 dan ortiq yosh va shahar faollari ishtirok etishdi. Shuningdek, "Yuksalish" harakati Qoraqalpog‘iston Respublikasi bo‘limi, Nodavlat notijorat tashkilotlari milliy assotsiatsiyasi Qoraqalpog‘iston Respublikasi hududiy bo‘limi bilan hamkorlikda "Suv - bu hayot degani" aksiyasi tashkil etildi. Respublika qon quyish stansiyasi bilan hamkorlikda "Menga hayot bag‘ishla" xayriya aksiyasi doirasida qonga muhtoj bemorlar uchun ixtiyoriy fuqarolik jamiyati institutlari vakillari tomonidan beg‘araz qon topshirildi.
O‘zbekiston Nogironlar jamiyati Qoraqalpog‘iston Respublikasi hududiy bo‘limi tomonidan 2025 yil davomida 268 nafar fuqaro reabilitatsiyadan o‘tkazilib, 28 nafar nogironligi bo‘lgan shaxs ish bilan ta’minlangan. Shuningdek O‘zbekiston Nogironlar assotsiatsiyasi Qoraqalpog‘iston Respublikasi hududiy bo‘limi tomonidan 15 nafar fuqaro reabilitatsiyadan o‘tkazilgan, 8 nafar nogironligi bo‘lgan shaxsning turar joyi ta’mirlab berildi.
O‘zbekiston karlar jamiyati Qoraqalpog‘iston Respublikasi hududiy bo‘limi tomonidan joriy yilda mavsumiy ishlarga 168 nafar jamiyat a’zosi mavsumiy qishloq xo‘jaligi, uy-joy qurilish ishlariga joylashtirildi. 14 nafar xotin-qizning tikuvchilik sexlariga ishga joylashtirishda ko‘maklashildi. Ijtimoiy himoyaga muhtoj 329 nafar xotin-qiz va 267 nafar yosh oilaga turli yordam pullari olib berildi.
Farzandlarini bog‘chalarga bepul joylashtirishda ko‘maklashildi. Jamiyat a’zolaridan 4 kishi Toshkent shahrida joylashgan "Nuroniylar" sanatoriyasiga dam olishga yuborildi. Shuningdek O‘zbekiston ko‘zi ojizlar jamiyati Qoraqalpog‘iston Respublikasi bo‘limi tomonidan joriy yilning o‘tgan davri mobaynida 105 kishi reabilitatsiyadan o‘tkazilib, 11 nafar nogironligi bo‘lgan shaxs ish bilan ta’minlandi.
Bo‘lim tomonidan kelgusida ham fuqarolik jamiyati institutlarini qo‘llab-quvvatlash va aholining ko‘p yillardan buyon o‘z yechimini kutayotgan muammolarini hal etish bo‘yicha ishlar davom etadi. Bu esa davlat organlari va nodavlat notijorat tashkilotlari o‘rtasida ijtimoiy sheriklik munosabatlarini hamda dolzarb masalalarni hal etishda hamkorligini kuchaytirish, barcha sohalarda amalga oshirilayotgan islohotlarda nodavlat notijorat tashkilotlarining tashabbuskorligi va faolligini oshirishda muhim ahamiyat kasb etadi.
Dovud Abibullayev, O‘zA