“Jaloliddin Manguberdi” tezyurar poyezdi Xivaga yo‘lni yanada yaqin qildi
Xiva qadim zamonlardan buyon Buyuk Ipak yo‘li chorrahasida joylashgan, savdo karvonlari, elchilar va sayyohlar uchun muhim to‘xtash nuqtalaridan biri bo‘lib kelgan. Yevropada “Hamma yo‘llar Rimga olib boradi” degan mashhur ibora aytilsa, Sharqda Xiva haqida “Hamma yo‘llar Xivaga eltadi” degan ta’rif shakllangan.
Xorazmga temir yo‘l 1952-yilda kirib kelgan bo‘lib, o‘tgan davr mobaynida u viloyatning ijtimoiy-iqtisodiy rivojlanishida muhim omillardan biriga aylangan. Biroq, uzoq yillar davomida Xivani bevosita bog‘lovchi temir yo‘l qatnovi mavjud emas edi.
2017-yil 27-28-yanvar kunlari O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning Xorazm viloyatiga tashrifi davomida Urganch – Xiva yo‘nalishida temir yo‘l qurish tashabbusi ilgari surilgan edi.
– O‘sha kunni yaxshi eslayman, – deydi Nuroniy jamg‘armasi Xorazm viloyati bo‘limi raisi Rustam Sultonov. – Prezidentimiz tashabbusini eshitganimizda barchamizda katta quvonch uyg‘ongan edi. Chunki temir yo‘lning Xivagacha yetib kelishi shahar hayotini yanada jonlantirib, sayyohlar oqimini sezilarli oshirishi aniq edi.
Mazkur loyiha doirasida Urganchdan Xivagacha 30 kilometrlik temir yo‘l barpo etilib, Xiva shahrida zamonaviy vokzal ishga tushirildi. 2018-yilda davlat rahbari ushbu yo‘nalishdagi ilk poyezdda Xivaga tashrif buyurib, yangi vokzalni ochib bergan edi.
So‘nggi yillarda mazkur yo‘nalish Xorazmning muhim transport va sayyohlik maskanlaridan biriga aylandi. Biroq Toshkent – Xiva o‘rtasidagi 1022 kilometrlik masofani temir yo‘l orqali bosib o‘tish 14-15 soat vaqt talab etar, bu esa yo‘lovchilar uchun ma’lum noqulayliklar tug‘dirar edi.
Joriy yil 5-may kuni “Jaloliddin Manguberdi” nomli yuqori tezlikda harakatlanuvchi elektropoyezd Toshkent – Xiva yo‘nalishida ilk qatnovini amalga oshirdi. Janubiy Koreyaning “Hyundai Rotem” kompaniyasi bilan hamkorlikda ishlab chiqarilgan zamonaviy poyezd poytaxt va qadimiy shahar o‘rtasidagi masofani 7,5 soatda bosib o‘tmoqda.
– “Buxoro – Urganch – Xiva” yo‘nalishida 450 kilometrlik temir yo‘l to‘liq elektrlashtirildi, – deydi Xorazm viloyati hokimi o‘rinbosari Botir Saidov. – Ushbu loyiha nafaqat transport infratuzilmasini yaxshilaydi, balki mamlakatimiz turistik salohiyatini yangi bosqichga olib chiqadi.
Ma’lumotlarga ko‘ra, o‘tgan yili Xorazmga 10 milliondan ortiq sayyoh tashrif buyurgan bo‘lsa, joriy yilda bu ko‘rsatkich 15 milliondan oshishi kutilmoqda.
Tarkibi 7 vagondan iborat, 390 nafar yo‘lovchiga mo‘ljallangan tezyurar poyezd hafta davomida kundalik qatnovni amalga oshirmoqda.
– Ilgari bu masofani bosib o‘tish juda qiyin edi, – deydi mehnat faxriysi Yoqubboy Qutlimurodov. – Endi esa yarim kun ichida Toshkentga yetib borish imkoni bor. Poyezddagi sharoitlar juda qulay, xizmat ko‘rsatish ham yuksak darajada.
Ilk qatnovda yo‘lovchilarning aksariyati xorijlik sayyohlar bo‘lgani ham yo‘nalishga bo‘lgan qiziqish yuqoriligini ko‘rsatmoqda. Samarqand, Buxoro va Urganch bekatlarida ayrim sayyohlar tushib, ayrimlari yo‘lini davom ettirgan.
– Toshkentdan Xivaga tezyurar poyezdda sayohat qilish men uchun juda qulay va qiziqarli tajriba bo‘ldi, – deydi rossiyalik sayyoh Aleksey Sofin. – Bu loyiha O‘zbekiston bo‘ylab sayohatni yanada jozibador qildi.
Mutaxassislar ta’kidlashicha, mazkur poyezd faqat transport vositasi emas, balki mamlakatning muhandislik salohiyati va turistik imkoniyatlarini namoyon etuvchi muhim infratuzilma loyihasidir.
Shu tariqa, ming yillar oldin shakllangan “barcha yo‘llar Xivaga olib boradi” degan qarash ayni kunda zamonaviy mazmun kasb etmoqda. Bugun Xivaga yo‘l yanada yaqin, sayohat esa yanada qulay va mazmunli bo‘ldi.
Ahmadjon Shokirov,
Behzod Saidov(surat), O‘zA muxbirlari