Fiskal siyosat va davlat moliyasini boshqarish tizimi takomillashtiriladi
O‘zbekiston Respublikasi Bosh vaziri o‘rinbosari - iqtisodiyot va moliya vaziri Jamshid Qo‘chqorov Xalqaro valyuta jamg‘armasining Fiskal ishlar departamenti Davlat moliya boshqaruvi bo‘limi katta iqtisodchisi Amanda Sayeg bilan muzokara o‘tkazdi.
Uchrashuvda O‘zbekiston va XVJ o‘rtasidagi hamkorlikni kengaytirish, xususan, fiskal siyosat va davlat moliyasini boshqarish tizimini takomillashtirishga qaratilgan islohotlar muhokama qilindi. Shuningdek, ushbu yo‘nalishlarda amalga oshirilayotgan ishlar, ustuvor vazifalar va kelgusidagi maqsadlar yuzasidan fikr almashildi.
Vazirlik axborot xizmatiga ko‘ra, muzokaralarda davlat moliyasi barqarorligiga ta’sir ko‘rsatishi mumkin bo‘lgan fiskal xatarlarni o‘z vaqtida aniqlash va baholash masalalariga ham alohida e’tibor qaratildi. Xususan, xatarlarni muntazam monitoring qilish, ularning ehtimoliy oqibatlarini hisobga olish va boshqaruv mexanizmlarini takomillashtirish bo‘yicha amalga oshirilayotgan chora-tadbirlar muhokama qilindi.
Shu bilan birga, byudjet daromadlari va xarajatlarini rejalashtirish, prognoz ko‘rsatkichlarini shakllantirish hamda byudjet mablag‘laridan samarali foydalanish masalalari ko‘rib chiqildi. Bu borada moliyaviy rejalashtirish sifatini oshirish va byudjet resurslarini boshqarish samaradorligini kuchaytirish bo‘yicha yondashuvlar yuzasidan fikr almashildi.
Uchrashuv yakunida tomonlar amaliy aloqalarni izchil davom ettirish, fiskal boshqaruv va davlat moliyasi sohasida tajriba almashishga kelishib oldi.
N.Ziyodullayeva,
O‘zA