Namanganda to‘qimachilik korxonalari dunyoga chiqdi
“Taraqqiyot strategiyasi” markazi tomonidan Namangan viloyatida Prezidentimizning 2026-yil 16-fevraldagi farmoni bilan tasdiqlangan “O‘zbekiston – 2030” strategiyasida belgilangan maqsad-vazifalarning hududlardagi ijrosiga qaratilgan monitoring olib borilmoqda.
“O‘zbekiston – 2030” strategiyasida to‘qimachilik sanoatida xomashyoni chuqur qayta ishlash, yuqori qo‘shilgan qiymatli mahsulotlar ishlab chiqarish va sohaning eksport imkoniyatlarini kengaytirishga alohida e’tibor qaratilgan. Shu nuqtai nazardan, markaz ijrochi direktori Eldor Tulyakov To‘raqo‘rg‘on tumanidagi “Namangan” erkin iqtisodiy zonasida joylashgan “Iftixor kiyim sanoat” korxonasi faoliyati bilan tanishdi.
Jarayonda xorijiy investitsiya ishtirokida amalga oshirilayotgan, umumiy qiymati 198 million AQSH dollari bo‘lgan to‘qimachilik mahsulotlari ishlab chiqarish loyihasi ko‘zdan kechirildi. Loyiha uchun ajratilgan maydonda zarur bino va inshootlar barpo etilib, zamonaviy ishlab chiqarish uskunalari Germaniya, Italiya, Turkiya va Polsha davlatlaridan olib kelingan.
Vodiy sanoatida alohida o‘rin tutuvchi “Iftixor kiyim sanoat” klasterida “xomashyodan mahsulotgacha” tamoyili asosida, ya’ni paxta xomashyosini yetishtirishdan tortib, tayyor mahsulot ishlab chiqarishgacha bo‘lgan jarayonlar bajariladi.
Ikki ming kishi mehnat qilayotgan yirik korxonaning ishlab chiqarish quvvati yiliga 80 ming tonna mato mahsulotlarini tashkil etadi. To‘liq quvvatda yiliga 120 milliard so‘mlik mahsulot ishlab chiqarilib, shundan 100 million AQSH dollari miqdorida eksport amalga oshiriladi.
Joriy yilning birinchi yarmida jamiyat tomonidan 10 ming tonna kalava ip ishlab chiqarildi. 700 mingga yaqin erkaklar va ayollar kiyimlari tikildi. Natijada, Germaniya, Polsha, Turkiya, Misr, Xitoy va Rossiya davlatlariga jami 10 million dollarlik mahsulotlar sotildi. Pirovardida, eksport salohiyati o‘tgan yilning shu davriga nisbatan 50 foizga oshdi.
Monitoring jarayonida korxonaning ishlab chiqarish quvvatlaridan samarali foydalanish, eksport hajmini oshirish, yuqori qo‘shilgan qiymatli mahsulotlar ishlab chiqarishni kengaytirish hamda yaratilgan ish o‘rinlarining barqarorligini ta’minlash masalalariga alohida e’tibor qaratilib, tegishli taklif va tavsiyalar berildi.
Oqilxon Dadaboyev, O‘zA.