Intellektual boshqaruv tizimlarini joriy qilish soha samaradorligini yanada oshirishga xizmat qiladi
Mamlakatimizda aholini toza ichimlik suvi bilan ta’minlash borasida keng ko‘lamli chora-tadbirlar amalga oshirilmoqda. Natijada aholining markazlashgan ichimlik suvi bilan ta’minlanganlik darajasi 2017-yildagi 63 foizdan qariyb 83 foizga ko‘tarildi. Shu davrda 7,7 million aholi ilk bor markazlashgan ichimlik suvi bilan ta’minlandi, 11 million aholining suv ta’minoti yaxshilandi.
Kuni kecha davlatimiz rahbari Shavkat Mirziyoyev ichimlik va oqova suv xizmatlarini yanada yaxshilash chora-tadbirlari yuzasidan taqdimot bilan tanishib, sohada bir qator vazifalarni belgilab berdi. Bu haqda Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati, O‘zbekiston Ekologik partiyasi fraksiyasi a’zosi Gulchehra Tojiboyeva o‘z fikr-mulohazalarini bildirdi:

— Ichimlik suvi va oqova suv xizmatlari aholi salomatligi, ekologik barqarorlik hamda hududlarning barqaror rivojlanishini ta’minlovchi strategik sohalardan biri hisoblanadi. Shu bois, keyingi yillarda mazkur yo‘nalishni takomillashtirish davlat siyosatining ustuvor vazifalari qatoriga qo‘yildi.
Prezident Shavkat Mirziyoyevga ichimlik va oqova suv xizmatlarini yanada yaxshilash chora-tadbirlari yuzasidan taqdim etilgan axborot sohada amalga oshirilayotgan islohotlarning bugungi holati, erishilgan natijalar va kelgusidagi vazifalarni atroflicha yoritib berdi. Eng muhimi, taqdimotda yutuqlar bilan bir qatorda, mavjud kamchiliklar ham ochiq muhokama qilinib, ularni bartaraf etish bo‘yicha aniq topshiriqlar berildi.

So‘nggi yillarda mazkur sohaga katta miqdorda investitsiyalar jalb qilinib, yuzlab suv inshootlari barpo etildi, minglab kilometr ichimlik suvi va kanalizatsiya tarmoqlari qurildi hamda rekonstruksiya qilindi. Buning natijasida millionlab fuqarolarning markazlashgan ichimlik suvi bilan ta’minlanishi yaxshilandi. Bu raqamlar mamlakatimizda aholi turmush sifatini oshirishga qaratilgan islohotlar izchil davom etayotganini ko‘rsatadi.
Biroq, sohada yechimini kutayotgan masalalar ham yo‘q emas. Ayrim hududlarda ichimlik suvi uzluksiz yetkazib berilmayotgani, eskirgan quvurlar tufayli suv yo‘qotishlari yuqoriligi, oqova suv tarmoqlarining yetarli darajada rivojlanmagani aholining haqli e’tirozlariga sabab bo‘lmoqda. Shuningdek, ayrim loyihalarning kechikishi yoki sifatsiz bajarilishi ajratilgan mablag‘lardan foydalanish samaradorligini ham pasaytirishi mumkin.
Davlat rahbari tomonidan aynan shu muammolarga alohida e’tibor qaratilgani muhim ahamiyatga ega. Endi asosiy vazifa – loyihalarni o‘z vaqtida va sifatli amalga oshirish, suv yo‘qotishlarini kamaytirish, sohaga raqamli texnologiyalarni keng joriy etish, zamonaviy boshqaruv mexanizmlarini tatbiq etish hamda har bir hududda aholi ehtiyojidan kelib chiqqan holda ish tashkil etishdan iborat.
Ayniqsa, suv tarmoqlarini raqamlashtirish, zamonaviy hisoblagichlar va intellektual boshqaruv tizimlarini joriy qilish, avariyalarni barvaqt aniqlash hamda resurslardan oqilona foydalanish soha samaradorligini yanada oshirishga xizmat qiladi. Bu nafaqat iqtisodiy tejamkorlikni ta’minlaydi, balki aholiga ko‘rsatiladigan xizmatlar sifatini ham yangi bosqichga olib chiqadi.
Albatta, har qanday islohotning haqiqiy bahosi qabul qilingan qarorlar yoki statistik ko‘rsatkichlar bilan emas, balki aholi hayotidagi amaliy o‘zgarishlar bilan o‘lchanadi. Insonlar toza ichimlik suvi uzluksiz yetib kelayotganini, oqova suv tizimi barqaror ishlayotganini his qilsalargina islohotlar samarasi to‘liq namoyon bo‘ladi.
Suv — hayot manbai. Uni aholiga sifatli va uzluksiz yetkazib berish esa davlat va jamiyat oldidagi eng muhim vazifalardan biri bo‘lib qolaveradi. Belgilangan vazifalarning to‘liq va samarali ijrosi har bir mahalla va xonadonda munosib turmush sharoitini ta’minlashga xizmat qilishi shubhasiz.
Muhtarama Komilova yozib oldi.
O‘zA