Eron va O‘mon Hurmuzni birga boshqarmoqchi
Eron Hurmuz bo‘g‘ozini nazorat qilish va boshqarish masalasida O‘mon bilan maxsus bitim tuzish niyatini ma’lum qilarkan, ushbu strategik suv yo‘liga tashqi kuchlar, xususan Fransiya aralashuviga qat’iy qarshi chiqdi. Bu haqda "The Guardian" nashri xabar bergan.
Islom Respublikasi tashqi ishlar vaziri o‘rinbosari Kozim G‘aribobodiy ta’kidlashicha, Hurmuz Tehron uchun hal qiluvchi va fundamental ahamiyatga ega. Mazkur hududni boshqarish faqat qat’iy ravishda qirg‘oq bo‘yi davlatlari tomonidan amalga oshirilishi lozim. Diplomatning so‘zlariga ko‘ra, Eron va O‘mon bo‘g‘ozda ko‘rsatiladigan xizmat uchun to‘lov undirish borasida yagona to‘xtamga ega. Fransiya kabi begona davlatlar hududni minadan tozalash jarayoniga aralashishiga yo‘l qo‘yilmaydi.
O‘mon tashqi ishlar vaziri Badr Al-Busaydiy ham bo‘g‘ozni boshqarish masalasida Eron bilan hamfikrligini bildirgan. Bu bayonotlar Prezident Emmanuel Makronning O‘mon Sultoni Haysam bin Tariq Al-Said bilan uchrashuvidan so‘ng, Parij bo‘g‘ozni minadan tozalash amaliyotida ishtirok etish qarorini e’lon qilishi ortidan yangradi.
F.Yaxshiboyeva, O‘zA