2 trillionlik reja Berlinga yoqmadi
Yevropa Ittifoqining kelgusi yetti yillik byudjeti atrofida keskin bahs boshlandi. Germaniya Yevrokomissiya taklif qilgan qariyb 2 trillion yevrolik moliyaviy rejani haddan tashqari qimmat hisoblab, hujjat qiymatini 400 milliard yevro qisqartirish talabini ilgari surdi. Hozirgi ko‘rinishda byudjet bo‘yicha kelishuvga erishish qiyin.
Berlinning xavotiri bejiz emas, chunki loyiha amaldagi 2021-2027-yillar byudjetiga nisbatan ancha qimmat. GFR taklif qilayotgan qisqarish qabul qilingan taqdirda ham miqdor hozirgi moliyaviy rejadan qariyb 27 foiz yuqori bo‘lib qoladi.
YeI g‘aznasiga eng ko‘p mablag‘ yo‘naltirayotgan davlat sifatida Germaniya o‘z yillik badali 50 milliard yevrodan oshib ketishidan cho‘chimoqda. Shu bois federal hukumat xarajatni qayta ko‘rib chiqish va samaradorlikka jiddiyroq e’tibor qaratishni talab qilyapti.
Kansler Fridrix Mers muzokarani cho‘zmaslik tarafdori. Uning fikricha, 2027-yil Fransiya, Polsha va Italiyada muhim saylovlar bo‘lib o‘tishi arafasida byudjet bo‘yicha kelishuvga erishish shart. Aks holda mazkur moliyaviy hujjat yanada kuchli siyosiy tortishuvni yuzaga keltirishi mumkin.
Xullas, byudjet loyihasi tasdiqlanishi uchun barcha 27 davlat roziligi zarur. Germaniyaning keskin yondashuvi esa Bryusselni og‘ir va murosasiz muzokara kutayotganini anglatadi.
Musulmon Ziyo, O‘zA