Ekologik islohotlar toza kelajak sari (+video)
Sharh
Bugun dunyoning ekologik manzarasi jiddiy ravishda murakkablashib bormoqda. Iqlim o‘zgarishi, yashillikning kamayishi va cho‘llanish muammolari har bir mamlakatdan bu sohada zarur choralarni ko‘rishni talab etmoqda.
Shu bois, O‘zbekistonda ham ekologiya masalalari davlat siyosati darajasiga ko‘tarilib, davlat rahbari boshchiligida sohada muhim chora-tadbirlar izchillik bilan amalga oshirilmoqda. “Yashil makon” umummilliy loyihasi keng jamoatchilikning tabiat bilan uyg‘unlikdagi amaliy harakatiga aylandi.
Bu borada Prezidentimizning “Atmosfera havosi sifatini yaxshilashga qaratilgan «Toza havo» umummilliy loyihasini amalga oshirish bo‘yicha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi farmoni va unda belgilangan vazifalar alohida ahamiyatga ega.
O‘zbekiston Ekologik partiyasining Oliy Majlis Qonunchilik palatasidagi fraksiyasi a’zosi Navro‘zbek Yusupov mazkur farmonda belgilangan maqsad-vazifalar, dendrologiya bog‘larini tashkil etishning ahamiyati, umuman, ekologik siyosat doirasida olib borilayotgan sa’y-harakatlar haqida o‘z fikr-mulohazalarini bildirdi.
— Prezidentimiz farmonida mamlakatimizning yashillik darajasini oshirish masalasiga alohida e’tibor qaratilgan. Ma’lumki, 2016-yilda yurtimizdagi yashillik darajasi 8 foizga tushib qolgan edi. Endilikda 2030-yilgacha yashillik darajasini 30 foizga yetkazish maqsadi belgilab olindi. Shu maqsadda “Yashil makon” umummilliy loyihasi izchillik bilan amalga oshirilmoqda. Buning natijasida hozirda mamlakatimizning yashillik hududi 14,2 foizga ko‘tarildi. Bu albatta, ijobiy natija.
Endi esa bu ko‘rsatkichni 30 foizga yetkazish uchun muhim vazifalar oldimizda turibdi. Prezident farmonida belgilangan vazifalar ayni shu maqsadga erishishga qaratilgan. Xususan, farmonda atmosferaga chiqarib tashlanayotgan ifloslantiruvchi moddalar miqdorini 10,5 foizga kamaytirish, yalpi ichki mahsulot birligida issiqxona gazlari emissiyasini 2010-yilgi ko‘rsatkichlarga nisbatan qisqartirish, atrof-muhitga ta’sir ko‘rsatuvchi I va II toifadagi sanoat korxonalarida chang va gazni tozalash qurilmalarini o‘rnatish hamda modernizatsiya qilish, transport vositalaridan atmosfera havosiga chiqarilayotgan ifloslantiruvchi moddalar hajmini 10 foizga qisqartirish kabi maqsadlar ko‘zda tutilgan. Bunda har bir hudud kesimida aniq ko‘rsatkichlar belgilab berildi.
Shuningdek, 2028-yilgacha har bir hududda 100 gektardan kam bo‘lmagan botanika va dendrologiya bog‘larini tashkil etish vazifasi belgilab berildi. Bu borada shu yil 1-aprel kuni Prezidentimizning shaxsan o‘zlari “Yashil makon” umummilliy loyihasi doirasida ko‘chat ekish tadbirida ishtirok etib, Milliy dendrologiya bog‘ini barpo etishga start bergani e’tiborga molik.
Shuni ta’kidlash lozimki, mamlakatimizni ko‘kalamzorlashtirish borasidagi sa’y-harakatlar, jumladan har bir hududda dendrologiya bog‘larini tashkil etishdan tortib ularga ko‘chatlar yetkazib berish, ularni parvarishlash, turli kasalliklarga chalinishining oldini olish, sog‘lom o‘stirish kabi vazifalarga mas’ul bo‘ladigan tashkilotlar va buning moliyaviy manbalari aniq ko‘rsatib berildi.
Yana bir jihat— botanika va dendrologiya bog‘larini tashkil etishda tashabbus ko‘rsatgan fuqarolarga imkoniyatlar berish, o‘z sarmoyasi yoki amaliy harakatlari bilan tashabbuskor bo‘lgan fuqarolarning nomlarini shu bog‘larning kirish qismida alohida e’tirof etib qo‘yish vazifasi o‘z aksini topdi. Dunyo tajribasida faol qo‘llanilib kelinayotgan bu tajriba yurtimizda ham joriy etilishi fuqarolarni jamiyatda faol bo‘lishga, ekologiyani asrab-avaylashda sa’y-harakatlarni birlashtirish va tashabbuskor bo‘lishga undaydi.
<iframe width="640" height="420" src="https://www.youtube.com/embed/QhxJedzMi3Q" title="Ekologik islohotlar toza kelajak sari" frameborder="0" allow="accelerometer; autoplay; clipboard-write; encrypted-media; gyroscope; picture-in-picture; web-share" referrerpolicy="strict-origin-when-cross-origin" allowfullscreen></iframe>Muhtarama Komilova,
Oybek Davronov, Ulug‘bek To‘xtayev (video), O‘zA muxbirlari