Dzyudo: O‘zbekiston va Yaponiya sport klublari o‘rtasida hamkorlik yo‘lga qo‘yildi
Yaponiyada yozgi Osiyo o‘yinlari o‘tkazilayotgan ayni kunlarda O‘zbekistonning "Judo Sport Club" a’zolari kunchiqar yurtning bir qator dzyudo klublari faoliyati bilan yaqindan tanishdi. Mashg‘ulot jarayonlarini, klublar faoliyatini kuzatdi.
Tanishuv va o‘tkazilgan muzokaralar yakunida "Judo Sport Club" hamda Yaponiyaning "R&S ACADEMY — Rukudo Dojo" o‘rtasida hamkorlik memorandumi imzolandi.

Kelishuvga ko‘ra, O‘zbekiston va Yaponiya mamlakatlari yosh dzyudochilari qo‘shma o‘quv-mashg‘ulot yig‘inlarini hamkorlikda o‘tkazishi, yosh dzyudochilarning o‘zaro tashriflarini tashkil etish, murabbiylar va mutaxassislar o‘rtasida professional tajriba almashinuvi amalga oshiriladi.

Hamkorlikda yosh dzyudochilar ishtirokida Yaponiya va O‘zbekistonda xalqaro turnirlar, qo‘shma mashg‘ulotlar, murabbiy-mutaxassislar uchun seminarlar, o‘quv jarayonlari tashkil etiladi.
O‘zbekistonlik yosh sportchilarning bevosita Yaponiya tatamilarida ishlash tajribasiga ega bo‘lishi hamda yaponcha tayyorgarlik tizimi bilan yaqindan tanishish imkoniyati yurtimizdan kelgusida mahoratli dzyudochilar yetishib chiqishiga zamin yaratadi.
Murabbiylar, o‘z navbatida o‘quv qo‘llanmalar almashish, mashg‘ulot jarayonini tahlil qilish va sportchilar tayyorgarligida samarali yondashuvlarni joriy etish imkoniga ega bo‘ladi.
T.Ro‘ziyev,
O‘zA