Oila institutini mustahkamlash masalasi muhokama qilindi
Senatning Yoshlar, xotin-qizlar, madaniyat va sport masalalari qo‘mitasi majlisida Bosh vazir o‘rinbosari – Oila va xotin-qizlar qo‘mitasi raisi Z.Mahkamovaga mamlakatimizda oila institutini mustahkamlash hamda nikohdan ajralishlarning oldini olish bo‘yicha amalga oshirilayotgan chora-tadbirlar yuzasidan yuborilgan parlament so‘rovi natijalari ko‘rib chiqildi.
Muhokama davomida parlament so‘rovida ko‘tarilgan 8 ustuvor yo‘nalish bo‘yicha amalga oshirilgan ishlar tahlil qilinib, mas’ul tashkilotlar axborotlari eshitildi.
Ta’kidlanganidek, yoshlarni oilaviy hayotga tayyorlash tizimini takomillashtirish maqsadida respublika bo‘yicha 200 dan ortiq tuman va shaharlarda Oila va xotin-qizlar maskanlari tashkil etildi.
Ushbu maskanlarda nikohlanuvchi yoshlar uchun maxsus o‘quv kurslari yo‘lga qo‘yilib, nizoli va yosh oilalarga oilaviy maslahat hamda ta’lim dasturlari taqdim etiladi. O‘tgan yil davomida mazkur maskanlar tomonidan 523 mingdan ortiq xizmatlar ko‘rsatilgan bo‘lib, 168 mingdan ziyod yoshlar oilaviy hayotga tayyorlash kurslarida ishtirok etgan.

Oila institutini ilmiy-amaliy jihatdan qo‘llab-quvvatlash maqsadida “Oila va gender” ilmiy-tadqiqot instituti tomonidan “Mas’uliyatli ota-onalik”, “Baxtiyor oila” hamda “Oilaviy qadriyatlarni mustahkamlash” elektron platformalari ishga tushirilgan. Ushbu platformalar orqali aholiga oilaviy munosabatlar, tarbiya, milliy qadriyatlar va xalqaro tajribaga oid ma’lumotlarni onlayn olish imkoniyatlari yaratilgan.
Qo‘mita a’zolari oilaviy qadriyatlarni mustahkamlash, nikohdan ajralishlarning oldini olish, erta nikohga qarshi kurashish, mediatsiya mexanizmlarini keng joriy etish hamda qonunchilikni takomillashtirish masalalari yuzasidan qator taklif va mulohazalarini bildirdi.
N.Abduraimova, O‘zA