Davlat xaridlariga oid qonun loyihasi mas’ul qo‘mitaga qaytarildi
Oliy Majlis Qonunchilik palatasining navbatdagi majlisi bo‘lib o‘tdi. Unda mamlakatimiz ijtimoiy-siyosiy hayotiga daxldor bir qator masalalar muhokama qilindi.
Jumladan, davlat xaridlari tizimini yanada takomillashtirishga qaratilgan qonun loyihasi ikkinchi o‘qishda moddama-modda ko‘rib chiqildi.
Mazkur hujjat davlat xaridlari sohasida shaffoflikni ta’minlash va raqobat muhitini kengaytirish, xarid qilish tartib-taomillarini xorijiy mamlakatlarning ilg‘or tajribasi asosida yanada takomillashtirish, tadbirkorlik sub’ektlarini davlat xaridlarida yanada faol ishtirok etishga keng jalb qilishga qaratilgan.
– Qonun loyihasida davlat xaridlari natijalari, shu jumladan to‘g‘ridan-to‘g‘ri shartnomalar haqidagi ma’lumotlarni Davlat byudjeti ijrosi to‘g‘risidagi hisobotlar tarkibiga kiritish, xaridlar doirasida yetkazib berilgan tovarlar, bajarilgan ishlar va ko‘rsatilgan xizmatlar bo‘yicha ma’lumotlarni hududlar kesimida ochiqlash nazarda tutilmoqda, – dedi deputat O.Musulmonov. – Shuningdek, davlat xaridlari sohasidagi shikoyatlarni ko‘rib chiqish bo‘yicha hududiy komissiyalar faoliyatini yo‘lga qo‘yish belgilanmoqda. Bu sohada hisobdorlik va nazoratni kuchaytirishga xizmat qiladi.
Shu bilan birga, takroriy auksion, tanlash va tenderlarda yagona ishtirokchi bilan bog‘liq tartiblarni aniq belgilash, byudjet buyurtmachilarining davlat xaridlarida preferensiya qo‘llanilishi mumkin bo‘lgan mahalliy sub’ektlar doirasini kengaytirish taklif etilmoqda.
Majlisda ta’kidlanganidek, loyihani ikkinchi o‘qishga tayyorlash jarayonida mahalliy ishlab chiqaruvchilar, ish bajaruvchilar va xizmat ko‘rsatuvchilarni qo‘llab-quvvatlash, takroriy xaridlarda yagona ishtirokchi bilan bog‘liq tartiblarni aniq belgilash hamda davlat xaridlarining ochiqligi va shaffofligini kuchaytirishga qaratilgan normalar takomillashtirildi.
Qonun loyihasidagi normalar davlat xaridlarida raqobat va shaffoflikni oshirish, mahalliy tadbirkorlarning xaridlarda ishtirok etish imkoniyatlarini kengaytirish, byudjet mablag‘laridan samarali va maqsadli foydalanishga xizmat qiladi.
Muhokamalarda bir qator savollar o‘rtaga tashlandi, ayrim e’tirozlar bildirildi. Qizg‘in muhokama va savol-javoblardan so‘ng undagi ayrim moddalarni qayta ishlash va maromiga yetkazish bo‘yicha takliflar berildi hamda qonun loyihasi takomillashtirish uchun mas’ul qo‘mitaga qaytarildi.
Muhtarama Komilova, O‘zA