Davlat mukofoti topshirildi
2026-yilning 28-may kuni Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyevning “Madaniyat, san’at va adabiyot sohalari xodimlaridan bir guruhini mukofotlash to‘g‘risida”gi farmoniga asosan bir guruh yurtdoshlarimiz davlatimizning yuksak mukofotlari bilan taqdirlangan edi. Ular orasida navoiylik shoira Salima Umarova ham bor.
Navoiy viloyati hokimligida bo‘lib o‘tgan tantanali tadbirda Salima Umarovaga “Fidokorona xizmatlari uchun” ordeni topshirildi.
Tadbirda viloyat hokimi Normat Tursunov ishtirok etib, mamlakatimizda inson qadrini ulug‘lash, ijod ahlini qo‘llab-quvvatlash va ma’naviy hayotni yuksaltirish davlat siyosatining ustuvor yo‘nalishlaridan biri ekanligini ta’kidladi.
Salima Umarova 1954-yilda Karmanada tug‘ilgan. Uzoq yillar viloyat matbuotida, xususan, “Do‘stlik bayrog‘i” gazetasida samarali faoliyat olib borgan. 2001-yilda “Shuhrat” medali, 2008-yilda esa “Mehnat shuhrati” ordeni bilan mukofotlangan.
Bugungi kunga qadar uning 20 dan ortiq turli janrlardagi kitoblari, jumladan, 4 jildlik “Saylanma” asarlari chop etilgan. “Inson haqida qo‘shiq”, “Qalb daftari”, “Yurakning ranglari”, “Rayhon hidi”, “Mening kelinchak qizim”, “Saodat yo‘li”, “Saodat qo‘rg‘oni”, “Ruhafzo tuyg‘ular”, “Oftobli kunlar”, “Bir qatim nur” kabi bir qator kitoblari o‘z muxlislariga ega.
[gallery-29724]
S.Umarova tomonidan tashkil etilgan “Nihol” to‘garagida saboq olgan yoshlarning bugun aksariyati Respublikamizning turli nufuzli ommaviy axborot vositalarida faoliyat olib bormoqda. Bu to‘garak necha yillar davomida yosh jurnalist kadrlarni kashf etish va ularni sohaga kirib kelishiga mustahkam zamin yaratgani bilan ahamiyatlidir.
Uchrashuvda Salima Umarovaning serqirra ijodi yuzasidan samimiy fikrlar bildirildi.
A.Bo‘riyev, S.Aslonov (surat), O‘zA muxbirlari