«Chelsi» 10 million funt jarimaga tortildi
FA «Chelsi»ni 74 ta qoidabuzarlikda ayblagan.
Londonning «Chelsi» klubi Angliya futbol assotsiatsiyasi (FA) qaroriga ko‘ra 10 million funt sterling (taxminan 11,7 million yevro) miqdorida jarimaga tortildi. Bu haqda Sky Sports xabar berdi.
Shuningdek, klubga ikki transfer oynasi davomida shartli transfer taqiqi ham qo‘llanildi.
Qayd etilishicha, jazo Roman Abramovich klub egasi bo‘lgan davrda agentlarga amalga oshirilgan yashirin to‘lovlar bilan bog‘liq.
FA «Chelsi»ni 74 ta qoidabuzarlikda ayblagan. Ushbu holatlar bo‘yicha ma’lumotlarni esa klubni sotib olganidan so‘ng yangi rahbariyatning o‘zi futbol assotsiatsiyasiga taqdim etgan.
Eslatib o‘tamiz, «Chelsi» 2026/27-yilgi mavsumda Yevrokuboklarda ishtirok etmaydi. O‘tgan mavsum jamoa Angliya Premer-ligasini 10-o‘rinda yakunlagan edi.