Buxoroda xattotlik san’atiga bag‘ishlangan xalqaro seminar o‘tkazildi
FOTOREPORTAJ
Bahouddin Naqshband ilmiy-tadqiqot markazi hamda Abu Ali ibn Sino nomidagi Buxoro viloyati axborot-kutubxona markazi tomonidan “Xattotlik san’ati: an’ana va mahorat” mavzusida xalqaro seminar-trening o‘tkazildi.
Tadbirda xattotlik san’atining tarixi, milliy va ma’naviy ahamiyati, shuningdek, amaliy ko‘nikmalarga oid ma’ruzalar hamda mashg‘ulotlar tashkil etildi. Ishtirokchilar xattotlikning nozik jihatlari, an’anaviy uslublar hamda mahorat sirlari bilan yaqindan tanishdi.
Axborot-kutubxona markazi direktori H. Qosimov muassasa fondida saqlanayotgan noyob manbalar va ularning ilmiy ahamiyati haqida ma’lumot berdi.
Seminar doirasida pokistonlik olim, professor Orif Navshohiyning ma’ruzasi tinglandi. U Fors tili va adabiyoti akademiyasi a’zosi bo‘lib, qo‘lyozmashunoslik, bibliografiya va tarixiy manbalarni kataloglashtirish sohasida yetuk mutaxassis hisoblanadi.
Ma’ruza davomida forsiy tildagi noyob manbalarni o‘rganish, ularni ilmiy tadqiq etish usullari hamda ushbu merosning ma’naviy-ilmiy ahamiyati haqida atroflicha fikr yuritildi.
[gallery-29251]
Shuningdek, Islomobod shahrida faoliyat yurituvchi ilmiy-tadqiqot markazi rahbari Sulton Ahmad Ali ham tadbirda ishtirok etib, islom olamida tinchlik, barqarorlik va birlikni mustahkamlashga qaratilgan ilmiy tashabbuslar haqida so‘z yuritdi.
Seminarda mahalliy mutaxassislar tomonidan ham mavzuga oid muhim ma’lumotlar taqdim etildi. Amaliy qismda xattotlik bo‘yicha mahorat darsi o‘tkazildi.
Tohir ISTATOV (surat), O‘zA