Har bir aniqlangan qoidabuzarlik bo‘yicha qat’iy choralar ko‘rilmoqda
Yoqilg‘i-energetika sohasida noqonuniy ulanishlar, qoidabuzarliklar hamda sifat talablariga javob bermaydigan mahsulotlar muomalasiga qarshi tizimli nazorat tadbirlari olib borilmoqda.
Ushbu yo‘nalishda amalga oshirilayotgan o‘rganishlar va tekshiruvlar natijasida energetika infratuzilmasidagi mavjud kamchiliklar aniqlanib, ularni bartaraf etish bo‘yicha tegishli choralar ko‘rilmoqda.
Bu haqda “O‘zenergoinspeksiya” axborot xizmati rahbari Navro‘z Norboboyev quyidagilarni ma’lum qildi:
– Tashkilotimiz tegishli idoralar bilan hamkorlikda olib borayotgan nazorat tadbirlari mamlakatda elektr energiyasi va tabiiy gazdan foydalanishda qonuniylikni ta’minlash, isrofgarchilik hamda noqonuniy ulanishlarning oldini olishda muhim ahamiyat kasb etmoqda.
Yaqinda Toshkent viloyatining Piskent tumanida o‘tkazilgan nazorat tadbirida “T. H.” fermer xo‘jaligining elektr qurilmalari hisoblagichdan tashqari tarmoqqa ulangan holda elektr energiyasidan noqonuniy foydalanib kelayotganligi aniqlandi. Ushbu qoidabuzarlik natijasida elektr ta’minoti korxonasiga 1 milliard 458 million so‘mlik zarar yetkazilgani ma’lum bo‘ldi.
Shuningdek, gaz taqsimlash tizimidagi yo‘qotishlar ham o‘rganilmoqda. Jizzax viloyatida maxsus gaz detektor qurilmasi orqali gaz quvurlari va gaz taqsimlash punktlaridagi yo‘qotishlarni aniqlash maqsadida nazorat ishlari olib borildi. Xususan, “O‘ztransgaz” AJ G‘allaorol magistral gaz quvurlari boshqarmasiga qarashli “Paxtakor-Zafarobod” gaz taqsimlash stansiyalarida o‘tkazilgan o‘rganishda texnologik sxemaga yangi o‘zgartirishlar kiritilmagani hamda xavfsizlik klapanida gaz sizib chiqish holati mavjudligi aniqlandi. Shu bilan birga, baypas tarmog‘idagi yopuvchi qurilmalarda boltlar o‘rnatilmagani va bosimni rostlash tarmog‘ida ham ayrim kamchiliklar mavjudligi qayd etildi. O‘rganish davomida aniqlangan kamchiliklarni bartaraf etish bo‘yicha tegishli ko‘rsatmalar berildi.
Farg‘ona viloyatida o‘tkazilgan nazorat tadbirida esa “S. G. S.” MCHJga qarashli AYOQSHda AI-95 markali avtobenzin laboratoriya tahlillari natijalariga ko‘ra davlat standart talablariga mos kelmasligi, ya’ni sifatsiz ekanligi aniqlandi. Ushbu qoidabuzarlik uchun realizatsiya qilingan neft mahsulotining 50 foizi miqdorida jarima qo‘llanildi. Shuningdek, AYOQSHda mavjud qoldiq sifati past neft mahsulotlarini sotuvga chiqarmaslik hamda ularning sifatini belgilangan tartibda qayta tiklash bo‘yicha ko‘rsatma berildi.
Ta’kidlash joizki, har bir aniqlangan qoidabuzarlik bo‘yicha qat’iy choralar ko‘rilishi sababli nafaqat davlat manfaatlari, balki iste’molchilar huquqlari ham himoya qilinmoqda. Shu bilan birga, sohada shaffoflik va mas’uliyatni oshirishga qaratilgan bu kabi ishlar izchil davom ettiriladi.
Nasiba Ziyodullayeva, O‘zA