Buxoroda kambag‘allikni qisqartirishda yangi natijalar
Mamlakatimizda aholi farovonligini yuksaltirish, kambag‘allikni qisqartirish va har bir oilaning barqaror daromad manbaiga ega bo‘lishini ta’minlash davlat siyosatining eng ustuvor yo‘nalishlaridan biriga aylandi. Prezidentimiz tashabbusi bilan amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli iqtisodiy va ijtimoiy islohotlar natijasida bandlikni ta’minlash, tadbirkorlikni rivojlantirish va aholining hayot sifatini oshirish bo‘yicha mutlaqo yangi tizim shakllanmoqda. Bu jarayonda siyosiy partiyalar, mahalliy Kengashlar va deputatlarning jamoatchilik nazoratini kuchaytirishga qaratilgan faoliyati ham alohida ahamiyat kasb etmoqda.
Ana shu maqsadlardan kelib chiqib, O‘zLiDePning “Xalq bilan birga” umummilliy dasturida belgilangan vazifalar ijrosini ta’minlash, aholi murojaatlari va ijtimoiy masalalar yechimi ustidan parlament nazoratini kuchaytirish maqsadida Xalq deputatlari Buxoro shahar Kengashidagi O‘zLiDeP deputatlik guruhining navbatdagi yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi.
Yig‘ilishda mahalliy Kengash deputatlari, partiyaning shahar Kengashi a’zolari, mas’ul xodimlar hamda tegishli tashkilotlar vakillari ishtirok etishdi. Yig‘ilishni deputatlik guruhi rahbari Ruslan Zagretdinov olib bordi.
Majlisning asosiy mavzusi Buxoro shahrida aholi bandligini ta’minlash va kambag‘allikni qisqartirish bo‘yicha 2026-yilning yanvar–may oylarida amalga oshirilgan ishlar tahliliga bag‘ishlandi. Bu borada shahar Kambag‘allikni qisqartirish va bandlikka ko‘maklashish bo‘limi boshlig‘i Bobir Xalilovning axboroti eshitildi.
Taqdim etilgan ma’lumotlardan ko‘rinib turibdiki, qisqa muddat ichida salmoqli natijalarga erishilgan. Xususan, 21,9 ming nafar aholi daromadli mehnat bilan ta’minlandi, 5 mingdan ortiq fuqaro doimiy ish o‘rinlariga joylashtirildi, 5,6 mingdan ziyod ish o‘rni legallashtirildi. Shuningdek, 11,2 ming nafar fuqaroning daromadini oshirishga qaratilgan manzilli xizmatlar ko‘rsatildi.

Yig‘ilishda ta’kidlanganidek, amalga oshirilayotgan tizimli chora-tadbirlar natijasida Buxoro shahrida kambag‘allik darajasi 1,5 foizgacha tushirilgan. Endi mahallabay yondashuv asosida har bir oila bilan individual ishlash, yangi ish o‘rinlari yaratish, tadbirkorlikni qo‘llab-quvvatlash va aholi daromadini oshirish orqali yil yakuniga qadar Buxoro shahrini kambag‘allikdan xoli hududga aylantirish bo‘yicha aniq rejalar amalga oshirilmoqda.
Muhokamalar davomida deputatlar erishilgan natijalar bilan birga, mavjud vazifalarga ham tanqidiy yondashib, aholi bandligini yanada oshirish, ijtimoiy himoyaga muhtoj oilalar bilan manzilli ishlash, ishsiz fuqarolarni kasb-hunarga o‘qitish va tadbirkorlikka jalb etish borasida o‘z taklif va mulohazalarini bildirdilar.
Shuningdek, mas’ul tashkilotlarga belgilangan vazifalar ijrosini qat’iy nazoratga olish, har bir mahalladagi real holatni chuqur o‘rganish, kambag‘allikni qisqartirish bo‘yicha amalga oshirilayotgan chora-tadbirlar samaradorligini yanada oshirish yuzasidan aniq tavsiyalar berildi.
Yig‘ilishda ta’kidlanganidek, aholi bilan doimiy muloqot qilish, ularning muammolarini joyida hal etish, har bir fuqaroning bandligi va daromad manbaini ta’minlash borasidagi ishlar izchil davom ettiriladi. Bu esa nafaqat iqtisodiy barqarorlikni, balki aholining davlatga bo‘lgan ishonchi va ertangi kunga ishonchini ham mustahkamlaydi.
Zarif Komilov, O‘zA muxbiri