Sifatli xizmat va soliq to‘lovchi manfaati ustuvor
Toshkent viloyat soliq boshqarmasida ommaviy axborot vositalari vakillari ishtirokida matbuot anjumani o‘tkazildi. Unda Prezidentimizning 2026-yil 19-maydagi “Soliq organlari faoliyatini institutsional jihatdan takomillashtirish va soliq ma’muriyatchiligida zamonaviy yondashuvlarni joriy etish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi farmoni ijrosi doirasida amalga oshirilayotgan islohotlar haqida ma’lumot berildi.
Farmon va ijro
Ta’kidlanganidek, mazkur farmon soliq organlari faoliyatini yangi bosqichga olib chiqish, ularni nazorat qiluvchi tuzilmadan soliq to‘lovchilarga xizmat ko‘rsatuvchi va ko‘maklashuvchi zamonaviy institutga aylantirishni nazarda tutadi.

– Bu farmonning bosh g‘oyasi – soliq idoralarini nazorat qiluvchi emas, balki soliq to‘lovchiga ko‘makchi va xizmat ko‘rsatuvchi organga aylantirishdir, – dedi Toshkent viloyat soliq boshqarmasi boshlig‘ining birinchi o‘rinbosari R.Tursunboyev. – Ayni paytda hujjat ijrosini ta’minlash maqsadida tizimda muhim o‘zgarishlar amalga oshirilmoqda. Endi soliq xodimlari faoliyati samaradorligi faqat reja ko‘rsatkichlari bilan emas, balki soliq to‘lovchilarga ko‘rsatilgan xizmat sifati orqali ham baholanadi.
Ma’lum qilinganidek, joriy yilning avgust oyidan boshlab mijozga yo‘naltirilganlik indeksi joriy etiladi. Ushbu tizim orqali tadbirkorlarning soliq organlari xizmatlaridan qoniqish darajasi har oy baholanib, natijalari ochiq e’lon qilinadi. Xizmat sifati past baholangan hududiy soliq organlari faoliyati yuzasidan tegishli choralar ko‘riladi.

Farmon doirasida soliq imtiyozlarini qo‘llashda ham proaktiv yondashuv yo‘lga qo‘yilmoqda. Joriy yil kuzidan boshlab jismoniy shaxslarning ipoteka kreditlarini qoplashga yo‘naltirilgan daromadlari bo‘yicha soliq imtiyozlari ortiqcha hujjatlar talab etilmagan holda, davlat idoralari o‘rtasidagi elektron axborot almashinuvi asosida avtomatik tarzda taqdim etiladi. Bu fuqarolar uchun qulaylik yaratish, byurokratik to‘siqlar va korrupsiyaviy omillarni bartaraf etishga xizmat qiladi.
Shuningdek, qurilish tashkilotlari va yirik korxonalar uchun qo‘shilgan qiymat solig‘ini yuridik shaxsning har bir alohida bo‘linmasi joylashgan hudud bo‘yicha byudjetga to‘lash tartibi takomillashtirilmoqda.

Fermer xo‘jaliklarini qo‘llab-quvvatlash maqsadida esa “Soliq-servis” AJ tomonidan buxgalteriya hisobini masofadan yuritish xizmati yo‘lga qo‘yilmoqda. Bu fermerlar hamda kichik va o‘rta biznes sub’ektlarining vaqt va mablag‘ini tejashga xizmat qiladi.
Anjumanda soliq huquqbuzarliklarining oldini olish borasida amalga oshirilayotgan ishlarga ham alohida to‘xtalib o‘tildi. Xususan, har chorakda eng ko‘p uchraydigan xatoliklar bo‘yicha maxsus soliq qo‘llanmalari tayyorlanib, ochiq e’lon qilinayotgani qayd etildi. Shu bilan birga, iyul oyidan boshlab soliq organlariga nisbatan jamoatchilik ishonchini o‘rganish maqsadida muntazam so‘rovnomalar o‘tkazilib, ularning natijalari keng jamoatchilikka taqdim etiladi.

Matbuot anjumanida soliq tizimidagi raqamlashtirish jarayonlari, tadbirkorlar uchun yaratilayotgan qulayliklar, qonunchilikdagi yangiliklar, shuningdek, ochiqlik va shaffoflikni ta’minlashga qaratilgan chora-tadbirlar yuzasidan ham atroflicha ma’lumot berildi.
Tadbir yakunida jurnalistlar o‘zlarini qiziqtirgan savollarga mutaxassislardan batafsil javob oldi. Uchrashuvda bildirilgan taklif va mulohazalar davlat organlari hamda ommaviy axborot vositalari o‘rtasidagi hamkorlikni yanada mustahkamlashga xizmat qilishi ta’kidlandi.
A.Musayev, O‘zA