BMTning O‘zbekiston tashabbuskorligidagi rezolyutsiyasi yuzasidan ma’lumotlar berildi
2026-yil 24-iyul kuni Birlashgan Millatlar Tashkiloti Bosh Assambleyasi tomonidan O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev tashabbusi asosida “Ijtimoiy rivojlanishni jadallashtirishda parlamentlarning rolini kuchaytirish to‘g‘risida”gi rezolyutsiya qabul qilindi. Mazkur hujjatga dunyoning barcha mintaqalarini ifoda etuvchi 61 ta BMTga a’zo davlat hammualliflik qilgan.
Rezolyutsiyada parlamentlar ijtimoiy taraqqiyotning faol ishtirokchisi sifatida e’tirof etilgan. Unda milliy qonunchilikni takomillashtirish, ijtimoiy himoyani kuchaytirish, kambag‘allikni qisqartirish, munosib mehnat va bandlikni ta’minlash, sifatli ta’lim imkoniyatlarini kengaytirish hamda ijtimoiy inklyuziyani ta’minlashda parlamentlarning roliga alohida e’tibor qaratilgan.
Bugun Oliy Majlis Qonunchilik palatasida O‘zbekiston tashabbusi bilan qabul qilingan BMTning ushbu rezolyutsiyasi yuzasidan ommaviy axborot vositalari vakillari uchun matbuot anjumani o‘tkazildi. Unda mazkur hujjatning mazmun-mohiyati va xalqaro ahamiyati, shuningdek, O‘zbekistonning ijtimoiy siyosat va parlament diplomatiyasi sohasidagi tajribasi haqida ma’lumot berildi.

– Bugungi murakkab geosiyosiy va iqtisodiy jarayonlar, iqlim o‘zgarishi, demografik o‘zgarishlar, mehnat bozoridagi yangi tendensiyalar hamda raqamli transformatsiya ijtimoiy taraqqiyot oldiga yangi vazifalarni qo‘ymoqda, – dedi Qonunchilik palatasi Xalqaro ishlar, mudofaa va xavfsizlik masalalari qo‘mitasi raisi o‘rinbosari Dilorom Fayziyeva. – Bunday sharoitda inson qadrini ta’minlash, kambag‘allikni qisqartirish, munosib mehnat va bandlik uchun sharoit yaratish, sifatli ta’lim va tibbiy xizmatlardan foydalanish imkoniyatlarini kengaytirish muhim ahamiyat kasb etmoqda. Bu borada mamlakatimizda izchil ijtimoiy siyosat amalga oshirilmoqda. Buning natijasida kambag‘allik darajasi 35 foizdan 5,8 foizga tushirildi. Aholi uchun barpo etilayotgan uylar soni 10 barobarga ko‘paydi. 8,5 million nafar ehtiyojmand aholining daromadlari oshirilgan.
O‘zbekiston tashabbusi bilan ilgari surilgan “Ijtimoiy rivojlanishni jadallashtirishda parlamentlarning rolini kuchaytirish to‘g‘risida”gi rezolyutsiya mamlakatimizning ijtimoiy sohadagi islohotlarining xalqaro e’tirofi, parlamentning tobora ortib borayotgan rolining xalqaro darajadagi ifodasi bo‘ldi, – dedi D.Fayziyeva.

Rezolyutsiyada parlamentlarda xotin-qizlar va yoshlar ishtirokini kengaytirish, raqamli texnologiyalar imkoniyatlaridan samarali foydalanish, fuqarolik jamiyati bilan hamkorlikni mustahkamlash va Barqaror rivojlanish maqsadlarini amalga oshirishda parlamentlarning ishtirokini kuchaytirish vazifalari belgilangan.
Matbuot anjumanida O‘zbekistonda inson qadri va kuchli ijtimoiy davlat tamoyillariga asoslangan siyosat izchil amalga oshirilayotgani ta’kidlandi. Aholini ijtimoiy himoya qilishning manzilli va raqamlashtirilgan tizimi shakllantirildi. “Inson” ijtimoiy xizmatlar markazlari faoliyati yo‘lga qo‘yildi.
Anjumanda 2025-yil aprel oyida Toshkentda o‘tkazilgan Parlamentlararo Ittifoqning 150-Assambleyasi doirasida qabul qilingan Toshkent deklaratsiyasida ijtimoiy taraqqiyot va ijtimoiy adolatni ta’minlashda parlamentlar rolini kuchaytirish g‘oyasi ilgari surilgani ta’kidlandi.
Matbuot anjumanida jurnalistlarni qiziqtirgan savollarga javoblar berildi. Jumladan, deputatlarning joylardagi o‘rganishlari davomida ijtimoiy yo‘nalishdagi masalalarni hal etishga ko‘maklashish, sohaga oid qonunchilikni takomillashtirish borasidagi faoliyati yuzasidan batafsil ma’lumotlar taqdim etildi.
Muhtarama Komilova, O‘zA