O‘zbekiston - Belarus parlamentlararo forumi yuqori saviyada o‘tkaziladi
Oliy Majlis Senatida joriy yil 29 - 30-sentabr kunlari Xiva shahrida o‘tkazilishi rejalashtirilayotgan O‘zbekiston - Belarus parlamentlararo forumiga tayyorgarlik ko‘rish bo‘yicha tashkiliy qo‘mitaning yig‘ilishi o‘tkazildi.
Senat Raisi Tanzila Norboyeva boshqargan yig‘ilishda O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining Belarus Respublikasiga 2026-yil 9-iyul kuni amalga oshirgan davlat tashrifi O‘zbekiston - Belarus munosabatlarini strategik darajaga olib chiqqani hamda siyosiy, iqtisodiy va gumanitar hamkorlikni yanada chuqurlashtirishga xizmat qilgani ta’kidlandi.
Tashrif doirasida savdo-iqtisodiy aloqalarni kengaytirish, sanoat kooperatsiyasi, qo‘shma investitsiya loyihalari va hududlararo hamkorlikni rivojlantirish bo‘yicha muhim kelishuvlarga erishildi.

Ularni amalga oshirishda ikki mamlakat parlamentlari muhim o‘rin tutadi. Xususan, parlament diplomatiyasi orqali huquqiy asoslarni takomillashtirish va qabul qilingan qarorlar ijrosini ta’minlash ishlari amalga oshirilmoqda.
Yig‘ilishda O‘zbekiston - Belarus parlamentlararo forumiga tayyorgarlik ko‘rish, uni yuqori saviyada tashkil etish, yangi hamkorlik kelishuvlariga erishish hamda forum natijalarini keng jamoatchilikka yetkazishga qaratilgan chora-tadbirlar doirasida belgilangan vazifalar muhokama qilindi.
Forumning asosiy maqsadi – ikki mamlakat o‘rtasidagi strategik sheriklikni parlamentlararo muloqot va parlament diplomatiyasini rivojlantirish, savdo-iqtisodiy, investitsiyaviy va innovatsion hamkorlikni qo‘llab-quvvatlashning qonunchilik mexanizmlarini takomillashtirish, shuningdek, sanoat kooperatsiyasi, raqamli transformatsiya, agrosanoat majmuasi, sog‘liqni saqlash, ta’lim, turizm va inson kapitalini rivojlantirish sohalaridagi qo‘shma loyihalarni amalga oshirishga ko‘maklashish orqali mustahkamlashdan iborat.
Forum doirasida Parlamentlararo komissiya, Yoshlar parlamentlarining majlisi, mahalliy vakillik organlarining uchrashuvi hamda O‘zbekiston - Belarus ayollarining to‘rtinchi biznes-forumini tashkil etish rejalashtirilgan.

Qayd etish joizki, O‘zbekiston - Belarus ayollari biznes forumlari o‘zini ikki mamlakat ishbilarmon doiralari o‘rtasidagi samarali muloqot maydoni sifatida namoyon etayotgani hamkorlikning muhim amaliy natijalaridan biridir. Forumlar doirasida yuzlab tijorat shartnomalari, investitsiya kelishuvlari va hamkorlik memorandumlari imzolanib, ikki mamlakat tadbirkorlari o‘rtasida mustahkam ishbilarmonlik aloqalarini shakllantirishga xizmat qilmoqda.
Ma’lumot uchun: 2023-yil sentabrda Minsk shahrida o‘tkazilgan birinchi O‘zbekiston - Belarus xotin-qizlar biznes-forumida umumiy qiymati 28,7 million AQSH dollaridan ortiq bo‘lgan 42 hujjat imzolangan. 2024-yil avgustda Toshkent shahrida bo‘lib o‘tgan ikkinchi forum yakunlari bo‘yicha 89 million AQSH dollaridan ziyod qiymatga ega 43 tijorat bitimi va 22 memorandum qabul qilingan. 2025-yildagi uchinchi forumda esa jami 49 hujjat, jumladan, 88,2 million AQSH dollari miqdorida 27 tijorat shartnomasi imzolangan.

To‘rtinchi biznes-forumda to‘rtta seksiya, shu jumladan, sanoat kooperatsiyasi, qo‘shma investitsiyalar va mehnat salohiyatidan foydalanish, agrosanoat majmuasida oziq-ovqat xavfsizligi va biotexnologiyalar, gumanitar va ijtimoiy soha hamda turizm sohasida hamkorlik va qo‘shma loyihalarni amalga oshirish yo‘nalishlari bo‘yicha muhokamalar o‘tkazish rejalashtirilmoqda.
Bundan tashqari, ikki mamlakat tadbirkor ayollari va davlat organlari o‘rtasida “B2B” va “G2B” formatida uchrashuvlar tashkil etish, shuningdek, tijorat shartnomalari, bitimlar va hamkorlik memorandumlari tuzish nazarda tutilmoqda.
O‘zbekiston – Belarus parlamentlararo forumini yuqori saviyada o‘tkazish bo‘yicha vazirlik va idoralar mas’ullariga aniq topshiriqlar berildi.
N.Абдураимова, O‘zA