Bir eksponat tarixi: Qadimiy aravalar nega baland g‘ildirakli bo‘lgan?
Bir eksponat tarixi
Bugun hayotimizda turli rusumdagi avtomobillar, yuk mashinalari, poyezd, avtobus, tramvay, samolyot kabi transport va texnika vositalari ko‘payib, uzog‘imizni yaqin, og‘irimizni yengil qilmoqda. Bunday texnika vositalari rivojlanib, takomillashib, urfga kirgunga qadar esa olis yo‘lga otlanish, savdogarlik qilish, qurilish yoki qishloq xo‘jaligidagi yumushlarni bajarishda turli vositalardan foydalanilgan.
Tariximizga nazar tashlasak, bu borada aravalarning o‘rni va xizmati beqiyos ekanligini ko‘rishimiz mumkin. Uzoqqa borish, savdogarlar shaharlararo savdo qilishlarida, hatto jangu jadallarda aravalardan unumli foydalanilgan.
Arava tarixi: u qachon paydo bo‘lgan?

Arxeologik ma’lumotlarga ko‘ra, O‘rta Osiyoda ikki va to‘rt g‘ildirakli aravalar eramizdan oldingi uch minginchi yillardayoq paydo bo‘lgan. O‘rta Osiyo aravalari tuzilishidagi o‘ziga xoslik shundaki, ularda temir detallardan foydalanilmagan. Nafaqat yerda, sayozroq suvlarda ham yaxshi harakatlangani sababli undan transport sifatida foydalanish juda qulay bo‘lgan.
Aravaga bitta ot qo‘shilgan. Keng yo‘lga mo‘ljallangan baland g‘ildiraklari O‘rta Osiyodagi eng yomon yo‘llarda ham uning mustahkamligini ta’minlagan. XIX asr oxiri — XX asr boshlariga qadar O‘rta Osiyo aravasi yerda harakatlanish va suvni kechib o‘tishda mukammal transport sanalgan hamda o‘sha davr ijtimoiy ishlab chiqarish munosabatlariga to‘la javob bergan.
Xorazm va Qo‘qon arava

Bizning yurtimizda ham aravalardan keng foydalanilgan. Bobo-buvilarimiz o‘z xotiralarini esga olganda, deyarli har bir xonadonda arava, ot yoki eshak mavjud bo‘lganini ta’kidlashadi. Xalq xo‘jaligida, qarindosh-urug‘larnikiga bordi-keldi qilganda, yuk tashishda, albatta, aravalar xizmatiga tayanishgan.
O‘zbekistonda aravaning ikki turi — nisbatan qadimiyroq Xorazm yoki Qashqar arava va Qo‘qon arava keng tarqalgan. Ularning har biri tuzilishi, ko‘rinishiga ko‘ra farqlanadi.
Poytaxtimizdagi Politexnika muzeyida qadimiy Xorazm aravasi namoyishga qo‘yilgan. Ushbu arava, umuman, arava tarixi haqida qiziqib, muzey ekskursovodi Mahmud Sodiqovni suhbatga tortdik.
— Yaqin va uzoq tariximizda aravalardan keng foydalanilgan, — deydi Mahmud Sodiqov. — Jumladan, yurtimizda Xorazm yoki Qashqar arava va Qo‘qon arava keng tarqalgan. G‘ildirakli transport sifatida ancha ommalashgan ikki g‘ildirakli Qo‘qon aravadan asosan yuk tashish uchun foydalanilgan. Bunday aravada aravakash otning yag‘rinida o‘tirgan va otni kalta yugan bilan boshqargan. Arava uchta asosiy qismdan: g‘ildirak, o‘q va platformadan iborat bo‘lgan. Yarim doiralar, gupchak, kegaylardan tashkil topgan g‘ildirakni yig‘ish sarrojdan ancha mas’uliyat talab etgan. Shoti yetti yoki sakkizta uzun taxta bilan birlashtirilgan, o‘rtasiga tol novdasidan to‘qilgan platforma o‘rnatilgan. XIX asr oxiri – XX asr boshlariga kelib to‘qima platforma o‘rniga ko‘pincha taxta platformadan foydalanilgan. Bu platformaga o‘tirgan holda sakkiz kishi joylashishi mumkin bo‘lgan. G‘ildiragining balandligi 1,75 metrdan 2 metrgacha yetgan. Qo‘qon arava asosan Farg‘ona vodiysi va Toshkentda keng tarqalgan.
Muzeyimizda namoyishga qo‘yilgan XIX asrga oid Xorazm aravasi esa O‘rta Osiyoning boshqa hududlaridagi aravalardan o‘zining shakliga ko‘ra farq qilgan. Uning g‘ildirak va platformasi kichikroq bo‘lib, kegaylari haddan tashqari kattaligi uchun g‘ildiraklari yassi ko‘ringan. Shuningdek, uning alohida qismlarini tayyorlash texnikasi ham farq qilgan: chambarak yelimlanib, toblangan katta-katta temir mixlar bilan mahkamlangan. Ko‘pincha bu aravalarning old qismiga o‘yma naqsh tushirilgan. Aravakash aravaning o‘zida o‘tirib, otni jilovidan boshqargan.
Xorazm aravaci asosan Samarqand, Buxoro va Xivada tarqalgan. Umuman, aravalar insonlar og‘irini yengillashtirishda, olis manzillarni bosib o‘tishida qulay vosita bo‘lgan, — deydi muzey xodimi.
Darhaqiqat, bugun muzeyda bir eksponat sifatida o‘rin olgan Xorazm aravasi uzoq yillar, bir necha asrlar davomida odamlarning asosiy ulovi, ko‘makchisi bo‘lib xizmat qilgan. Ma’lumotlarga ko‘ra, hatto ulardan belanchak sifatida ham foydalanilgan.
Muhtarama Komilova, O‘zA