Avlodlar uchrashuvi— ibrat maktabi
Azaldan xalqimiz yoshi ulug‘ insonlarni e’zozlash, ularga hurmat va ehtirom ko‘rsatishni eng yuksak qadriyatlardan biri sifatida e’tirof etib keladi. Zero, nuroniylar — hayot maktabini bosib o‘tgan, turli sinov va mashaqqatlarda toblangan, o‘z tajribasi bilan yoshlarga yo‘l ko‘rsatuvchi bebaho ma’naviy xazinadir. Ular aytgan har bir o‘git, bergan maslahat va ibratli hayotiy misollar yosh avlod kamolotida muhim o‘rin tutadi.
Bejizga donishmandlar “Elni ma’rifat asraydi”, deya ta’kidlamagan. Bu yo‘lda ustozlar, katta avlod vakillari hamda ma’rifat peshvolarining hissasi beqiyosdir.
Ana shunday ezgu an’analarning mantiqiy davomi sifatida yurtimizda bir necha yillardan buyon “Uch avlod uchrashuvi” tadbirlari izchil va samarali tarzda tashkil etilmoqda. Ushbu uchrashuvlar avlodlar o‘rtasidagi ma’naviy ko‘prikni mustahkamlash, tajriba almashish va yoshlarni milliy qadriyatlarga hurmat ruhida tarbiyalashga xizmat qilmoqda.

Shunday mazmunli tadbirlardan biri Buxoro viloyati Olot tumani markazidagi Madaniyat va ma’rifat maskanida bo‘lib o‘tdi. Uchrashuvda nuroniy otaxon va onaxonlar, o‘rta avlod vakillari hamda yoshlar bir davrada jam bo‘lib, samimiy muloqot olib bordi.
Tadbir davomida so‘zga chiqqan nuroniylar o‘zlarining hayot yo‘llari, bosib o‘tgan og‘ir va sharafli hayoti haqida hikoya qilib berdi. Ular yoshlikdagi mashaqqatli mehnat, sabr-toqat va intilish orqali qanday natijalarga erishganini misollar bilan bayon etdi. Shu bilan birga, bugungi kunda Yangi O‘zbekistonda yoshlar uchun yaratilayotgan keng imkoniyatlar, ta’lim, tadbirkorlik va o‘zini rivojlantirish sohalaridagi shart-sharoitlarni alohida e’tirof etishdi. Nuroniylar yoshlarga ushbu imkoniyatlardan unumli foydalanish, bilim olish, halol mehnat qilish va yurt ravnaqiga munosib hissa qo‘shish zarurligini uqtirdi. “Qarisi bor uyning parisi bor” degan hikmat zamirida katta ma’no mujassam ekani yana bir bor ta’kidlandi.

Uchrashuvda o‘rta avlod vakillari ham faol ishtirok etib, o‘z fikr va mulohazalarini bildirdi. Ular bu kabi tadbirlar yoshlar tarbiyasida juda muhim ahamiyatga ega ekanini qayd etdi. Ayniqsa, bunday uchrashuvlar yoshlar uchun jonli ibrat maktabi bo‘lib xizmat qilishi, ularda hayotga bo‘lgan qarashlarni shakllantirishi alohida ta’kidlandi. Shu bois, kelgusida ham “Uch avlod uchrashuvi” kabi ma’naviy-ma’rifiy tadbirlarni yanada keng ko‘lamda tashkil etish zarurligi ilgari surildi.
Tadbirning eng ta’sirli va ilhombaxsh jihatlaridan biri yoshlar ishtirokidagi chiqishlar bo‘ldi. Xususan, 19-umumta’lim maktabining ona tili va adabiyot fani o‘qituvchisi, kitobxonlik tanlovlari g‘olibi Mahliyo Xudoyberdiyeva o‘z so‘zida kitobning inson hayotidagi o‘rni haqida to‘xtalib o‘tdi.

— “Kitob insonning eng yaqin do‘sti va ishonchli maslahatchisidir. Men o‘z yutuqlarimga aynan kitobga bo‘lgan muhabbat orqali erishdim. Har bir o‘qilgan asar inson dunyoqarashini kengaytiradi, fikrlash doirasini boyitadi. Yoshlarimizdan iltimosim, vaqtni bekorga sarflamay, ko‘proq mutolaa qilishsin. Chunki kitob o‘qigan inson hech qachon yo‘ldan adashmaydi, —deydi u.
Shuningdek, ixtisoslashtirilgan maktab o‘quvchilari Shabona To‘ymurodova va Dilnoza Rahmatova ham o‘z yutuqlari haqida so‘zlab, tengdoshlarini ilm olishga, faol va intiluvchan bo‘lishga chorladi. Ular o‘z misolida mehnat, izlanish va maqsad sari qat’iyat bilan intilish insonni albatta muvaffaqiyatga olib kelishini ta’kidladi.
Tadbir davomida tuman madaniyat bo‘limi xonandalari tomonidan ijro etilgan kuy-qo‘shiqlar uchrashuvga yanada ko‘tarinki kayfiyat bag‘ishlab, ishtirokchilar qalbida unutilmas taassurotlar qoldirdi.
Shuningdek, tadbir doirasida tuman axborot-kutubxona markazida yaratilgan zamonaviy shart-sharoitlar, kitobxonlikni keng targ‘ib etish borasida amalga oshirilayotgan ishlar hamda “Buvijonlar maktabi” faoliyati haqida ham atroflicha ma’lumotlar berildi. Bu esa ishtirokchilarda kitobga bo‘lgan qiziqishni yanada oshirishga xizmat qiladi.
Zarif Komilov, O‘zA