Besh yilda kiberjinoyatlar 68 baravarga ko‘paygan
So‘nggi yillarda kibermakonda sodir etilayotgan jinoyatlar soni ortib bormoqda. Xususan, oxirgi besh yilda kiberjinoyatlar 68 baravarga ko‘paygan. Bu turdagi huquqbuzarliklar bo‘yicha murojaatlar soni 34 baravarga oshgan. 2019-yilda axborot texnologiyalari sohasidagi jinoyatlar turi 18 ta bo‘lgan bo‘lsa, hozirda 65 taga yetgan. Achinarlisi, bu turdagi jinoyatlar umumiy jinoyatlarning qariyb yarmini tashkil etmoqda.
Oliy Majlis Qonunchilik palatasidagi O‘zbekiston Xalq demokratik partiyasi fraksiyasining navbatdagi yig‘ilishida «Axborot texnologiyalaridan foydalanib sodir etiladigan huquqbuzarliklarga qarshi kurashish to‘g‘risida»gi qonun loyihasi birinchi o‘qishda ko‘rib chiqildi.
Deputat J.Abdullayev qayd etganidek, amaldagi qonunchilikda mazkur sohani kompleks tartibga soluvchi yagona huquqiy hujjat mavjud emas. Davlat va mahalliy boshqaruv organlari, banklar, to‘lov tizimi operatorlari, internet-provayderlar hamda boshqa tashkilotlarning kiberjinoyatlar uchun javobgarligi belgilanmagan.
Shu bois, qonun loyihasi bilan kiberjinoyatlarga qarshi kurashish tizimini mustahkamlash, mas’ul organlarning vakolatlarini aniq belgilash hamda fuqarolarning huquq va manfaatlarini himoya qilish ko‘zda tutilgan. Shuningdek, internet foydalanuvchilari, blogerlar va inflyuyenserlar tomonidan shaxsga doir ma’lumotlarni egasining roziligisiz oshkor etishga yo‘l qo‘ymaslik bo‘yicha majburiyatlar joriy etilishi nazarda tutilmoqda.
Muhokamalarda deputatlar internet tarmoqlarida yoshlar ishtirokidagi huquqbuzarlik holatlari ortib borayotganini ta’kidlab, qonun loyihasida ushbu holatlarning oldini olishga qaratilgan aniq mexanizmlarni nazarda tutish muhimligini bildirdi.
Muhokamalarda O‘zbekiston Respublikasi Markaziy banki vakolatlarini kengaytirish masalasi ham ko‘rib chiqildi. Jumladan, axborot xavfsizligi standartlarini ishlab chiqish, antifrod tizimlarini joriy etish, shubhali operatsiyalar yuzasidan bank hisobvaraqlarini vaqtincha to‘xtatib turish hamda tranzaksiyalarni yagona platformaga integratsiya qilish kabi vazifalar nazarda tutilmoqda.
Fraksiya yig‘ilishida ko‘rib chiqilgan barcha qonun loyihalari yuzasidan tegishli qarorlar qabul qilindi.
Muhtarama Komilova, O‘zA