Arxiv ishiga oid qonunchilik takomillashtirilmoqda
Senatning Fan, ta’lim va sog‘liqni saqlash masalalari qo‘mitasida “O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida”gi qonun muhokama qilindi.
Qonun bilan “Arxiv ishi to‘g‘risida”gi qonunga arxiv ishi sohasidagi vakolatli davlat organlarining vakolatlarini, nodavlat arxivlarni va elektron arxivlarni tashkil etishga doir qoidalarni hamda arxiv hujjatlarini idoraviy arxivlarda vaqtincha saqlash muddatlarini aniqlashtiruvchi o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritilmoqda.

“Litsenziyalash, ruxsat berish va xabardor qilish tartib-taomillari to‘g‘risida”gi qonunga qo‘shimchalar kiritilmoqda. Tadbirkorlik sub’ektlariga amalga oshirilishi uchun litsenziya yoki ruxsat etish xususiyatiga ega hujjat olish talab etiladigan faoliyat (harakat)lar bilan “Biznesga litsenziyasiz kirish” maxsus rejimi doirasida litsenziya yoki ruxsat etish xususiyatiga ega hujjat olmasdan uch oy muddat davomida shug‘ullanish imkoniyati yaratilmoqda.

Qonun tashabbuskorlari ushbu qonun arxiv ishining huquqiy asoslarini yanada mustahkamlash, fuqarolarni tadbirkorlik sohasiga kengroq jalb etishga xizmat qilishini ta’kidlab o‘tdi.

Qo‘mita a’zolari, mahalliy kengashlarning tegishli doimiy komissiyalari raislari, ekspertlar, tegishli vazirlik va idoralar hamda ommaviy axborot vositalari vakillari ishtirok etgan tadbir yakunida ushbu qonunni navbatdagi qo‘mita majlisida ko‘rib chiqishga kelishib olindi.
N.Abduraimova, O‘zA