Argentina Islandiyani, Venesuela esa Iroqni mag‘lub etdi
Lionel Messi jarohatdan tiklanib, terma jamoa safida yana gol urdi.
Ko‘plab terma jamoalar mundial startidan avval so‘nggi o‘rtoqlik o‘yinlarida ishtirok etmoqda.
Argentina 3:0 Islandiya
Jahon chempionatining amaldagi chempioni hisoblangan Argentina terma jamoasi Islandiyaga qarshi maydonga tushdi. Uchrashuv kutilganidek "albaseleste"ning katta ustunligi ostida o‘tdi. Bahsning 8-daqiqasidayoq Valentin Barko gol urib, Argentinani hisobda oldinga olib chiqdi. 72-daqiqada Lionel Messi penaltini aniq amalga oshirib, hisobni 2:0 ko‘rinishiga keltirdi. 87-daqiqaga kelib, Tiago Almada o‘yinga yakuniy nuqtani qo‘ygan golga mualliflik qildi. Shu tariqa, bellashuv Argentinaning 3:0 hisobidagi g‘alabasi bilan yakunlandi.
Venesuela 2:0 Iroq
O‘rtoqlik o‘yinida sensatsiya qayd etib, Ispaniya terma jamoasi bilan durang qayd etgan Iroq bu safar Venesuela to‘sig‘idan o‘ta olmadi. 17-daqiqada Kristian Kasseres gol urib, Lotin Amerikasi vakillarini hisobda oldinga olib chiqqan bo‘lsa, 46-daqiqada Chuchu Ramires oradagi farqni ikkitaga oshirdi. Ushbu hisob o‘yin yakuniga qadar boshqa o‘zgarmadi va Venesuela g‘alaba qozondi.