AQSH turnirida shaxmatchilar qaysi o‘rinni egallaganidan qat’iy nazar sovringa ega bo‘ladi
AQSHning Sent-Luis shahrida “Grand Chess Tour” musobaqasining beshinchi bosqichi hisoblangan “Sinquefield Cup-2024” turnirining 5-tur bahslari ortda qoldi.
Mazkur turnirning 5-turida oldingi turlarda bo‘lgani singari bitta g‘alaba qayd etildi, qolgan to‘rttasida esa durangga erishildi.
Xususan, Nodirbek Abdusattorov oq donalarda hindistonlik Dommaradju Gukesh bilan kuch sinashdi. Teng kurashlar ostida kechgan o‘yinning 48-yurishida murosa yo‘li tanlandi.

Nufuzli turnirda peshqadamlik qilayotgan Fransiya vakili Alireza Firuzja oq donalarda so‘nggi o‘rinda ketayotgan niderlandiyalik Anish Girini mag‘lubiyatga uchratib, o‘z mavqeini mustahkamladi. Ushbu g‘alabadan keyin Alireza 3,5 ochko bilan yakka yetakchiga aylandi. Amerikalik Uesli So 3 ochko bilan keyingi o‘rinda bormoqda.
Bugun, 24 avgust kuni xalqaro turnir nizomiga muvofiq ishtirokchilar uchun dam olish kuni sifatida belgilangan.
Ertaga, 25 avgust kuni o‘tkaziladigan 6-turda hamyurtimiz Nodirbek Abdusattorov qora donalarda Anish Giri bilan ro‘baro‘ keladi. Ushbu turda shuningdek, Fabiano Karuana - Yan Nepomnyashiy, Din Lijen - Rameshbabu Pragnanandxa, Uesli So - Alireza Firuzja, Dommaradju Gukesh - Maksim Vashe-Lagrav o‘yinlari bo‘lib o‘tadi.

Mukofot jamg‘armasi 350 ming AQSH dollaridan iborat bo‘lgan turnirda 1-o‘rinni egallagan shaxmatchi 100 ming AQSH dollari bilan taqdirlanadi, mos ravishda 2-o‘rin 65 ming, 3-o‘rin 48 ming, 4-o‘rin 32 ming, 5-o‘rin 26 ming, 6-o‘rin 21 ming, 7-o‘rin 18 ming 500, 8-o‘rin 16 ming, 9-o‘rin 13 ming va 10-o‘rinni egallagan shaxmatchi 10 ming 500 AQSH dollariga ega bo‘ladi.
“Sinquefield Cup-2024”da shaxmatchilar qaysi o‘rinlarni egallashi 29 avgust kuni ma’lum bo‘ladi.
T. Ro‘ziyev, O‘zA