Futzal: Oliy liga 11-tur o‘yinlari boshlanmoqda
Bugun, 19-aprel kuni Qarshi shahridagi "Geolog" sport majmuasida futzal bo‘yicha O‘zbekiston XXIX milliy chempionati — Oliy liga 11-tur o‘yinlariga start beriladi.
Kuning ikkinchi yarmida o‘tkaziladigan 11-turning birinchi kungi musobaqalarida Farg‘onaning "Neftchi" jamoasi Toshkent viloyatining OKMK futzal jamoasiga qarshi maydonga tushadi.

Shuningdek, dastlabki kungi futzal bahslarida Navoiyning "Qizilqum" jamoasi Jizzaxning "BMB PFC" jamoasi bilan, poytaxtning "Lokomotiv" futzalchilari Termizning "Surxon" jamoasi bilan ro‘baro‘ keladi.

Aytish lozim, futzal bo‘yicha mamlakat milliy chempionati — Oliy liga bahslari o‘zining hal qiluvchi pallasiga tobora yaqinlashmoqda. 11-turda muxlislar ko‘plab qiziqarli va unutilmas voqeliklarga guvoh bo‘lishi kutilmoqda. Katta ehtimol bilan ushbu turda XXIX milliy chempionatining minginchi goliga muxlislar guvoh bo‘lishi ehtimoli yuqori.
Shuningdek, mamlakat chempioni nomi ham mazkur turda muddatidan oldin aniqlanishi mumkinligini nazarda tutsak, eng qaynoq lahzalar, shiddatli kurashlar aynan shu turda yuz berishi haqiqatga yaqindek, nazarimizda.

Yana bir e’tiborli jihat, 11-tur o‘yinlarini O‘zbekiston milliy terma jamoasi bosh murabbiyi Xose Mariya Mendes bevosita Qarshida kuzatib borishi milliy terma jamoaga yangi iste’dodlarni tanlash imkonini taqdim etadi.
T.Ro‘ziyev, O‘zA