Bitiruvchilarga ish taklif etildi
Mirzo Ulug‘bek nomidagi Samarqand davlat arxitektura-qurilish universitetida talaba va bitiruvchilar bandligini ta’minlashga qaratilgan “Karera kuni” mehnat yarmarkasi o‘tkazildi.
Yarmarkada yurtimizdagi arxitektura, shaharsozlik va qurilish yo‘nalishlarida faoliyat yuritayotgan 60 dan ortiq yirik kompaniya, korxona va tashkilotlar tomonidan 1200 dan ziyod vakant ish o‘rinlari taqdim etildi. Jumladan, bitiruvchilarga Samarqand shahri bo‘yicha 760 ta, Nurobod tumanida 140 ta, Pastdarg‘omda 110 ta, Narpay tumanida 38 ta vakant ish o‘rni taklif qilindi. Shuningdek, sanoat va xizmat ko‘rsatish sohalaridagi yirik korxonalar ham o‘z takliflarini bildirdi.
[gallery-28943]
Universitet karera markazi ma’lumotlariga ko‘ra, tadbirda 600 nafarga yaqin bitiruvchi talaba ishtirok etib, ish beruvchilar bilan bevosita muloqot qildi. Bu uchrashuvlar natijasida 80 nafarga yaqin yoshlar suhbat jarayonida o‘z qiziqishlarini bildirgan bo‘lsa, ularning 55 nafari turli shakldagi uch tomonlama shartnomalarni imzolashga erishdi. 17 nafar yoshlar sinov muddati asosida ishga qabul qilindi, 9 nafari to‘liq ish bilan ta’minlandi.
Shuningdek, yarmarkada shahardagi texnikum, kollej va litsey bitiruvchilari ham qatnashdi. Mazkur tadbir istiqbolli kasb va mutaxassislikni egallash uchun keng qamrovli platformaga aylandi.
2025-2026 o‘quv yilida Samarqand davlat arxitektura-qurilish universitetini qariyb 1700 nafar bitiruvchi tamomlaydi. Ayni paytda mazkur dargohda tayyorlanayotgan mutaxassislar nafaqat mamlakatimiz, balki xalqaro mehnat bozorida ham raqobatbardosh kadrlar sifatida shakllanmoqda.
G‘.Hasanov, A.Isroilov (surat), O‘zA muxbirlari