Alimentchi ota qarzdorlikni to‘lagach, jinoiy jazo qo‘llanmadi
Surxondaryo viloyatining Sho‘rchi tumanidagi Ezgulik mahallasida yashaydigan A.Sobirov oilaviy kelishmovchiliklar sababli turmush o‘rtog‘i va yolg‘iz farzandini o‘z uyidan chiqib ketishga majbur qildi. Yosh ona farzandi bilan ota uyida bir amallab turmush kechira boshladi.
Sudning 2021-yil noyabr oyidagi tegishli qaroriga ko‘ra A.Sobirov aliment to‘lash majburiyatini o‘z zimmasiga olgan bo‘lsa-da, bu mas’uliyatni bajarishdan uzoq vaqt bo‘yin tovladi. Majburiy ijro byurosi Sho‘rchi tuman bo‘limi davlat ijrochilarining harakatlari bilan unga nisbatan ma’muriy ish qo‘zg‘atilib, sud qaroriga asosan 15 sutka ma’muriy qamoq jazosi ham tayinlandi. Biroq, alimentchi otaga bu chora ham saboq bo‘lmadi. U qasddan bo‘yin tovlab, aliment to‘lamaslikni davom ettirdi. Oqibatda unga nisbatan jinoyat ishi qo‘zg‘atildi. Vaziyatning qaltisligini sezgan qarzdor otadan nihoyat sado chiqdi. Qariyb 32 million so‘m aliment qarzdorligini to‘liq qopladi.
– Davlat ijrochilarimiz bunga o‘xshash holatlarga duch kelib turadi, – deydi viloyat MIB mas’ul xodimi Qobiljon Tursunov. – Alimentchi otalar qonunni tushunmaydi, desak ularga sud zalidayoq tegishli tushunchalar beriladi. Moliyaviy imkoni yo‘qdir, desangiz javobgarlik masalasiga duch kelgach, yuzaga kelgan qarzni darhol to‘lab beradi. Aslida aliment puli voyaga yetmagan bolaning munosib hayot kechirishi, ta’lim olishi va tarbiya topishi uchun muhim bo‘lgan moliyaviy ta’minot hisoblanadi. Undan bo‘yin tovlash nafaqat insoniy mas’uliyatdan chekinish, balki qonun oldida ma’muriy va jinoiy javobgarlikka sabab bo‘ladi. Amaldagi qonunchilikka ko‘ra, hech bir alimentchi ota farzandi oldidagi aliment qarzdorligini to‘lashdan qochib qutulolmaydi.
Davlat ijrochilari onasi qaramog‘ida kamolga yetayotgan farzandi uchun aliment to‘lovlarini to‘liq amalga oshirgan sho‘rchilik qarzdor otaga jigarbandi voyaga yetgunga qadar moliyaviy ko‘makdan bo‘yin tovlashning qaltis oqibatlarini yana bir karra atroflicha tushuntirdi.
Nilufar Bozorova, O‘zA muxbiri