Aholining ijtimoiy sharoitini yaxshilash deputatlar e’tiborida
Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati Viktor Pak hamda O‘zLiDeP Toshkent viloyat Kengashi raisi To‘lqinjon Fayziyev O‘rta Chirchiq tumanida joylashgan 2-son texnikumi faoliyati bilan yaqindan tanishdi. Dastlab ta’lim muassasasida yaratilgan sharoitlar, o‘quv jarayonining tashkil etilishi hamda yoshlarni kasb-hunarga yo‘naltirish borasida amalga oshirilayotgan ishlar atroflicha o‘rganildi.
Bugungi kunda mazkur texnikumda “Raqamli axborotlarni qayta ishlash”, “Kompyuter grafikasi”, “Tikuvchilik va to‘quvchilik”, “Avtomobillarga texnik xizmat ko‘rsatish”, “Mebel ishlab chiqarish”, “Maktabgacha ta’lim”, “Bank nazorati” va “O‘t o‘chiruvchilik” kabi 8 ta mutaxassislik yo‘nalishi bo‘yicha 710 nafar o‘quvchi tahsil olmoqda. Bu esa hududda mehnat bozori talablariga mos kadrlar tayyorlashda muhim o‘rin tutayotganini ko‘rsatadi.

Texnikum direktori Avazbek Shermatovning ta’kidlashicha, yangi o‘quv yilidan boshlab yana uchta zamonaviy yo‘nalish — quyosh panellariga xizmat ko‘rsatish, elektromobillarga texnik xizmat ko‘rsatish hamda sut va sut mahsulotlarini qayta ishlash sohalari bo‘yicha ta’lim yo‘lga qo‘yilishi rejalashtirilgan. Bu esa nafaqat o‘quvchilar uchun yangi imkoniyatlar yaratadi, balki hudud iqtisodiyotining innovatsion rivojiga ham xizmat qiladi.

Deputatlar tomonidan ta’lim sohasida amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli islohotlar alohida e’tirof etildi. Xususan, kasbiy ta’lim tizimini modernizatsiya qilish, o‘quv dasturlarini xalqaro standartlarga moslashtirish, amaliyotga yo‘naltirilgan ta’limni kuchaytirish partiyaning o‘z oldiga qo‘ygan ustuvor vazifalaridan biri ekani qayd etildi.

Shuningdek, Nurafshon shahridagi “Nuroniylar maskani” binosida aholining ijtimoiy ehtiyojmand qatlamlarini qo‘llab-quvvatlashga qaratilgan xayriya tadbiri tashkil etildi. Toshkent viloyatida istiqomat qiluvchi nuroniylar bilan ham uchrashib, ular bilan ochiq va samimiy muloqot o‘tkazildi. Uchrashuv davomida keksa avlod vakillarining hayotiy tajribasi, jamiyatdagi o‘rni va yoshlar tarbiyasidagi roli alohida ta’kidlanib, ularning fikr-mulohazalari tinglandi. Samimiy ruhda kechgan suhbatda nuroniylar tomonidan ilgari surilgan taklif va tavsiyalar deputat tomonidan diqqat bilan qayd etildi.

Tadbir doirasida shaharda istiqomat qiluvchi, ijtimoiy himoyaga muhtoj bo‘lgan oilalarga zarur kundalik iste’mol mahsulotlaridan topshirildi. Bu kabi amaliy ko‘mak, avvalo, aholining turmush sharoitini yaxshilash, ularga ma’naviy dalda berish, jamiyatda mehr-oqibat va hamjihatlik muhitini mustahkamlashga xizmat qilmoqda.
Ayniqsa, ushbu xayriya tadbirining bevosita tashabbuskori sifatida deputat Viktor Pakning ishtiroki va e’tibori tadbirga o‘ziga xos mazmun baxsh etdi. U tadbir davomida ham fuqarolar bilan bevosita muloqot qilib, ularning ijtimoiy muammolari va takliflarini o‘rgandi.

– Bugungi kunda davlatimiz siyosatida inson qadri, uning manfaatlari ustuvor ahamiyat kasb etmoqda. Biz har bir fuqaroning holidan xabar olishimiz, ayniqsa, ehtiyojmand oilalarni qo‘llab-quvvatlashni o‘zimizning insoniy burchimiz deb bilamiz. Bu kabi xayriya tadbirlari nafaqat moddiy yordam, balki odamlar qalbiga mehr va ishonch ulashishga xizmat qiladi, — deydi deputat Viktor Pak.
Ta’kidlash joizki, bunday ezgu amallar, xususan, nuroniylar bilan uchrashuvlar va aholining ehtiyojmand qatlamlarini qo‘llab-quvvatlashga qaratilgan tadbirlar jamiyatda ijtimoiy himoya tizimini mustahkamlash, avlodlar o‘rtasidagi vorislikni ta’minlash hamda mehr-oqibat qadriyatlarini keng targ‘ib etishda muhim ahamiyat kasb etadi.
A. Musayev, O‘zA