Tuman Kengashi tashabbusi bilan jamoatchilik eshituvi o‘tkazildi
O‘zLiDeP Qoraqalpog‘iston Respublikasi Ellikqal’a tuman Kengashi deputatlari hamda jamoat tashkilotlari vakillari ishtirokida jamoatchilik eshituvi bo‘lib o‘tdi. Unda O‘zbekiston mahallalari uyushmasi Ellikqal’a tumani bo‘limi vakilining 2025-yil davomida amalga oshirilgan ishlar yuzasidan hisoboti tinglandi.
Mamlakatimizda mahalla institutini yanada rivojlantirish, aholi muammolarini joylarda hal etish hamda hududlarni ijtimoiy-iqtisodiy jihatdan barqaror rivojlantirishga qaratilgan islohotlar izchil davom etmoqda. Hisobotda qayd etilganidek, Ellikqal’a tumanidagi 40 ta fuqarolar yig‘ini hududida mahalla infratuzilmasini yaxshilash, aholini qo‘llab-quvvatlash va zamonaviy boshqaruv mexanizmlarini joriy etish borasida keng ko‘lamli ishlar amalga oshirildi.
Jumladan, bir qator mahallalarda yangi xizmat binolari foydalanishga topshirildi. O‘nlab mahallalar zamonaviy kompyuter texnikasi bilan ta’minlandi. Shuningdek, “Mahalla byudjeti” tizimi joriy qilinishi natijasida mahallalarning moliyaviy imkoniyatlari kengayib, 2025-yil davomida ushbu yo‘nalishda 3 milliard so‘mdan ortiq mablag‘ mahalliy ehtiyojlarga yo‘naltirildi.

Eshituvda mahallalarda jamoatchilik nazoratini kuchaytirish, “Mahalla yettiligi” faoliyatini samarali tashkil etish, “Raqamli mahalla” tizimini keng joriy qilish masalalariga ham alohida e’tibor qaratildi. Shuningdek, aholi bilan ishlashda “Ko‘chaboshilar instituti”ning o‘rni va ahamiyati yuqori baholandi.
Tadbir davomida deputatlar va jamoatchilik vakillari tomonidan hisobot yuzasidan fikr-mulohazalar bildirilib, amalga oshirilayotgan ishlar samaradorligini yanada oshirish bo‘yicha takliflar ilgari surildi. Mahallalarda olib borilayotgan islohotlarni qo‘llab-quvvatlash, aholi muammolarini o‘z vaqtida hal etish va joylarda ochiqlik hamda shaffoflikni ta’minlash borasidagi ishlar izchil davom ettirilishi ta’kidlandi.
Dovud Abibullayev, O‘zA muxbiri.