Aholi advokatlar xizmatlaridan qanday foydalanmoqda?
Aholining yuridik yordamga bo‘lgan ehtiyojini ta’minlash uchun advokatura sohasini rivojlantirishga e’tibor qaratilmoqda. Advokatlar sonini ko‘paytirish maqsadida sohaga ishga kirishdagi ayrim to‘siqlar olib tashlandi.
Advokatlik faoliyati bilan shug‘ullanish huquqi uchun litsenziya berish “Litsenziya” axborot tizimi orqali amalga oshirilishi yo‘lga qo‘yildi. “Davlat hisobidan yuridik yordam ko‘rsatish to‘g‘risida”gi qonun bilan davlat hisobidan yuridik yordam jinoyat ishlari bilan bir qatorda, fuqarolik, ma’muriy va ma’muriy huquqbuzarlik to‘g‘risidagi ishlar bo‘yicha ham ko‘rsatilishi belgilandi.
Amaliyotda aholi advokatlar xizmatlaridan qanday foydalanmoqda? Fuqarolik ishlari bo‘yicha Shayxontohur tumanlararo sudining sudyasi Gulruh Mamaraimova bilan shu haqda suhbatlashdik.
– Advokatlar xizmatlaridan foydalanish tobora kengayib bormoqda. Muhimi, aholida soha vakillariga bo‘lgan ishonch shakllanmoqda.
Aytib o‘tish kerakki, advokatlarning fuqarolik va iqtisodiy sud ishlarida tarafning vakili sifatida ishtirok etishiga orderning o‘zi yetarli hisoblanadi. Lekin ko‘p hollarda advokatga uni vakil qilgan taraf ishonchnoma bermagan bo‘lsa, u faqat ishda advokat sifatida ishtirok etadi, degan biroz yanglish tushunchalar yoxud taraf nomidan ishonchnomasi bo‘lmagan advokat tushuntirish yoki qarshi tarafga savol berishga haqqi yo‘q, degan e’tirozlarning guvohi bo‘lyapmiz.
Bunda, ishda ishtirok etuvchi shaxs tomonidan berilgan ishonchnomasi bor advokat vakilu, ishonchnoma berilmagan advokat vakil emasmi, degan o‘rinli savol paydo bo‘ladi. Bu savolga amaldagi protsessual qonunlarga tayangan holda javob bersak. Tegishli kodekslarga ko‘ra, advokat fuqarolik va iqtisodiy sud ishlarini yuritishda vakillik qilishi mumkin bo‘lgan sub’ektlardan biri hisoblanadi. Xususan, protsessual kodekslarimizda sud ishlarida vakil sifatida ishtirok etishi mumkin bo‘lgan shaxslar doirasi belgilangan. Unga ko‘ra, advokat, qarindosh va boshqalar sudda vakillik qilishi mumkin. Shu nuqtai nazardan advokatning fuqarolik va iqtisodiy sud ishlarini yuritishdagi maqomi vakil hisoblanadi.
– Advokat vakil sifatida uni vakil qilgan shaxsning barcha protsessual huquqlaridan foydalanishi mumkinmi?
– Ha, albatta. Zero, Iqtisodiy protsessual kodeks (IPK)ning 63-moddasida sudda ish yuritish vakolatlari vakilga uni vakil qilgan shaxs nomidan barcha protsessual harakatlarni amalga oshirish huquqini berishi belgilangan.
Shunga o‘xshash mazmundagi norma Fuqarolik protsessual kodeksining 69-moddasi birinchi qismida, ya’ni sudda ish yuritish vakolatlari vakilga barcha protsessual harakatlarni vakolat beruvchi nomidan amalga oshirish huquqini berishi belgilangan.
– Demak, advokatga uni vakil qilgan protsess ishtirokchisining barcha protsessual huquqlaridan foydalanish uchun ishonchnoma berilgan bo‘lish shart emas. Shundaymi?
Advokat vakil sifatida qonunda belgilangan ayrim protsessual huquqlardan foydalanganda albatta maxsus ishonchnoma talab qilinadi. Boshqa holatlarda ishonchnoma shart emas. Sababi, IPKning 62-moddasida hamda FPKning 68-moddasida advokatning vakolatlari qonunchilikda belgilangan tartibda tasdiqlanishi qayd qilingan bo‘lib, mazkur norma advokatning vakolatini rasmiylashtirishni maxsus qonunlarga havola qilgan.
“Advokatlik faoliyatining kafolatlari va advokatlarning ijtimoiy himoyasi to‘g‘risida”gi qonunning 4-moddasida muayyan ishni olib borishga advokatning vakolatli ekani order bilan tasdiqlanishi nazarda tutilgan. Demak, advokat fuqarolik va iqtisodiy sud ishlarini yuritishda taraf vakili bo‘lib, u advokatlik orderi bilan tarafning barcha huquqlaridan, jumladan, tushuntirish va savollar berish huquqidan foydalanishi mumkin.
Biroq, shuni yodda tutish kerakki, taraflarning maxsus protsessual huquqlari mavjud bo‘lib, ulardan har qanday vakil, jumladan, advokat foydalanishi uchun maxsus ishonchnoma talab qilinadi. Misol uchun, da’vo arizasini imzolash, kelishuv bitimi tuzish, da’vodan voz kechish kabi maxsus protsessual huquqlardan vakillar foydalanilganda, mazkur maxsus huquqlar alohida ko‘rsatilgan ishonchnoma taqdim qilishi lozim. Bu, o‘z navbatida, sudda vakil sifatida ishtirok etayotgan advokatlarga ham tegishli hisoblanadi.
Shu o‘rinda advokatlarning sudlarda ishtiroki yuzasidan to‘xtalib o‘tsak. Advokatlarning sud ishlarini yuritishda vakil sifatida ishtiroki ijobiy holat, albatta. Advokatlar ishtirok etgan holatlarning advokat ishtirok etmagan holatlardan farqi –bunday ishlarda asosiysi da’vogarlar da’vo talablarini to‘g‘ri qo‘yadi. Javobgarlar ham ishga aloqador e’tirozlarini ma’lum qiladi. Shuningdek, dalillarni ham o‘z vaqtida taqdim qiladi. Bu sudlar tomonidan ishlarni qonunda belgilangan muddatlarda ko‘rib chiqilishiga sabab bo‘ladi.
Xulosa o‘rnida aytib o‘tamizki, mehnat nizolari bo‘yicha ishtirok etayotgan advokatlar faoliyati samarali kechmoqda. Ularning yutug‘i bir jamoaga birlashgani va bir xil yondashuvni barchalari qo‘llab-quvvatlashida. Shuningdek, ularning bilim va malakalari ham alohida e’tirofga loyiq.
O‘zA muxbiri
Norgul Abduraimova
suhbatlashdi.