Boysunlik o‘g‘il-qizlar milliy o‘yinlarga mehrini namoyish etdi
Boysun tumanida “Milliy qadriyatlarga e’tibor ko‘rsatishni oiladan boshlaymiz!” shiori ostida “Milliy o‘yinlar” festivali o‘tkazildi.
Surxondaryo viloyatining Boysun tumanida asrlar davomida shakllangan milliy qadriyat va urf-odatlar asl holida saqlanib kelinayotgani bilan dunyo xalqlarida katta qiziqish uyg‘otmoqda. Betakror tabiat qo‘ynidagi tumanda avloddan-avlodga o‘tib kelayotgan nafis folklor san’ati, noyob hunarmandchiligi va milliy xalq o‘yinlari so‘lim go‘shada o‘tmishdan boy madaniy muhit shakllanganidan so‘zlaydi.

Dunyoda kechayotgan globallashuv jarayonlarida “ommaviy madaniyat” turli xalqlar urf-odatlariga salbiy ta’sir etib, yoshlarning avlodlari an’analarini unutishiga olib kelmoqda. Tumandagi 4-maktabda o‘tkazilgan festivalda mahallalarning o‘quvchi-yoshlari boy ma’naviy merosimizga qiziqish va intilishini milliy xalq o‘yinlari asosida keng namoyish etdi. Ayniqsa, “O‘rtaga kirish”, “Haqqalak”, “Xo‘roz o‘yini”, “Lanka”, “Arqon tortish”, “Oq terakmi, ko‘k terak”, “Chillak”, “Besh tosh” kabi milliy o‘yinlar barchada boy taassurot uyg‘otdi.

Nafis festivalda faol ishtirok etgan o‘g‘il-qizlar munosib rag‘batlantirildi.
Xolmo‘min Mamatrayimov,
O‘zA muxbiri