Abdurauf Fitrat – milliy uyg‘onish davri adabiyotining yetakchi siymolaridan biri
Navoiy davlat universiteti tuzilmasidagi Qatag‘on qurbonlari xotirasi muzeyida Abdurauf Fitrat tavalludining 140 yilligiga bag‘ishlanib, “Sharq yulduzi” mavzusida tadbir tashkil etildi.
Yurtimizda milliy o‘zlikni anglash, tarixiy xotirani tiklash va buyuk ajdodlar merosini keng targ‘ib etish borasida olib borilayotgan ma’rifiy tadbirlar alohida ahamiyat kasb etmoqda. Universitetning Tillar fakultetining o‘zbek tili va adabiyoti yo‘nalishi professor-o‘qituvchilari, tyutorlari hamda talabalari ishtirok etgan uchrashuvda Fitratning serqirra ijodiy merosi va uning milliy uyg‘onish davridagi o‘rni haqida alohida to‘xtalib o‘tildi.

Jumladan, “Abdurauf Fitrat – milliy uyg‘onish davri adabiyotining yetakchi siymolaridan biri”, “Fitratning ilmiy asarlari”, “Fitrat – dramaturg”, “Fitratning badiiy olami” kabi mavzularda mazmunli ma’ruzalar tinglandi. Ma’ruzachilar tomonidan Fitratning nafaqat shoir va yozuvchi, balki tilshunos, tarixchi hamda jamoat arbobi sifatidagi faoliyati alohida e’tirof etildi.

– Muzey eksponatlari orqali o‘tgan asrning 30-yillaridagi siyosiy ta’qiblar, nohaq ayblovlar va yurtimizning ko‘plab ziyolilari qatorida Fitratning ham qatag‘on qurboniga aylangani haqida aniq ma’lumotlar berildi, – deydi filologiya fanlari doktori, professor Abduhamid Xolmurodov. – Uning ilmiy va badiiy merosi uzoq yillar davomida taqiq ostida bo‘ldi. Biroq istiqlol sharofati bilan qayta tiklandi. Fitrat merosini o‘rganish va uni yosh avlodga yetkazish har bir ziyolining burchidir. Zero, uning boy ilmiy va badiiy merosi bugungi kunda ham o‘z ahamiyatini yo‘qotmagan.

Bunday ma’rifiy tadbirlar yoshlarni vatanparvarlik ruhida tarbiyalash, ularning tarixiy xotirasini mustahkamlash va milliy qadriyatlarga hurmat tuyg‘usini shakllantirishda muhim omil bo‘lib xizmat qiladi.
A. Bo‘riyev, O‘zA muxbiri