Ichki ishlar organlari xodimlarining ma’naviy salohiyati oshirilmoqda
Ichki ishlar organlari tizimida xizmat qilayotgan xodimlarning ma’naviy salohiyatini yuksaltirish, shuningdek, yosh avlodni milliy va umuminsoniy qadriyatlar ruhida tarbiyalashga qaratilgan ishlar izchil davom etmoqda.
Bugungi kunda Islom sivilizatsiyasi markazi yurtimizda ma’naviy-ma’rifiy muhitni yanada yuksaltirish, boy tarixiy merosimiz va ilm-fan an’analarini keng targ‘ib etishda muhim ahamiyat kasb etmoqda.

Ana shu maqsadda Ichki ishlar vazirligi Ma’naviy-ma’rifiy ishlar va kadrlar bilan ta’minlash departamenti tashabbusi bilan tizim xodimlari, sohaviy xizmat vakillari hamda akademik litsey o‘quvchilari uchun mazkur markazga muntazam tashriflar tashkil etilmoqda.
E’tiborlisi, bugunga qadar o‘tkazilgan shunday tadbirlar doirasida mamlakatimizning turli hududlari va tarkibiy bo‘linmalaridan 1 ming 500 nafardan ortiq ichki ishlar organlari xodimlari qamrab olindi.

Tashrif davomida ishtirokchilar markaz ekspozitsiyalari bilan yaqindan tanishib, buyuk allomalar — Imom al-Buxoriy, Muhammad al-Xorazmiy hamda Amir Temurning boy merosi haqida atroflicha ma’lumotlarga ega bo‘lmoqda. Ularning ilm-fanga sadoqati, adolat va vatanparvarlikka asoslangan hayot yo‘li bugungi kunda ham yoshlar uchun haqiqiy ibrat maktabi bo‘lib xizmat qilmoqda.

Shuningdek, tadbir doirasida vazirlik tasarrufidagi “Temurbeklar maktabi” hamda akademik litsey o‘quvchilariga davlatimiz rahbari muallifligidagi kitoblar hamda Ichki ishlar vaziri imzosi tushirilgan tabrik-murojaatnomalarni tantanali topshirish marosimi ham tashkil etildi.

Ta’kidlanganidek, bunday ma’naviy-ma’rifiy tadbirlar xodimlar va yoshlar ongida Vatanga sadoqat, qonuniylik va adolat tamoyillariga hurmat tuyg‘ularini mustahkamlab, ularning kasbiy va insoniy fazilatlarini uyg‘un rivojlantirishga xizmat qiladi.
***
O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazida Ichki ishlar vazirligi akademik litseyi o‘quvchilari bilan mazmunli uchrashuv bo‘lib o‘tdi. Ushbu tadbir Ichki ishlar vaziri tashabbusi hamda Markaz rahbariyati bilan hamkorlikda tashkil etildi. Tadbir yosh avlodni milliy meros, zamonaviy bilim va kasbiy mas’uliyat ruhida tarbiyalashga qaratilgani bilan ahamiyat kasb etdi.

Uchrashuvda Ichki ishlar vazirligi vakili, polkovnik Saxipjamal Djoldasova yoshlarning kelajak kasbiy yo‘li, mas’uliyati va jamiyatdagi o‘rni haqida o‘z fikrlarini bildirdi. Ta’kidlanganidek, bunday e’tibor va rag‘bat yoshlarning zamonaviy, fidoyi va Vatanga sadoqatli ichki ishlar organlari xodimlari sifatida shakllanishida muhim omil bo‘lib xizmat qiladi.

Uchrashuvdan so‘ng o‘quvchilar Markaz muzeyining boy ekspozitsiyasi bilan tanishib, ajdodlarimizning beqiyos ilmiy va madaniy merosini yaqindan ko‘rish imkoniga ega bo‘ldi. Ular o‘z taassurotlari bilan o‘rtoqlashar ekan, bunday tashriflar nafaqat bilim, balki ma’naviy ruhiyatni boyitishini alohida ta’kidladi.
Mazkur uchrashuv va tashrif yoshlarni yuksak ma’naviyat, vatanparvarlik va kasbiy sadoqat ruhida tarbiyalash yo‘lida muhim qadamlardan biri sifatida e’tirof etildi.
Farangiz RASHIDOVA,
O‘zDJTU talabasi