Abdumalik Xalakov oltin, Farzona Fozilova kumush medal sohibi
Xitoyning Guyyan shahrida o‘tayotgan boks bo‘yicha Jahon kubogida finalchilar nomi ma’lum bo‘ldi. O‘zbekiston terma jamoasi 7 nafar sportchisi bilan hal qiluvchi bosqichga yetib kelgan davlatlar orasida birinchi o‘rinni egallab turibdi.
Xitoyning Guyyan shahrida o‘tayotgan boks bo‘yicha Jahon kubogida finalchilar nomi ma’lum bo‘ldi. Quvonarlisi, O‘zbekiston terma jamoasi musobaqaning hal qiluvchi bosqichiga eng ko‘p vakil bilan yetib keldi.
Jumladan, Farzona Fozilova (-48 kg), Nigina O‘ktamova (-57 kg), Oltinoy Sotimboyeva (+80 kg), Asilbek Jalilov (-50 kg), Abdumalik Xalakov (-60 kg), Javohir Ummataliyev (-80 kg) va To‘rabek Xabibullayev (-90 kg) final yo‘llanmasini qo‘lga kiritdi.
Musobaqaning - 60 kg vazn toifasida Abdumalik Xalakov braziliyalik Luiz Gabriyelani yenggan bo‘lsa, -90 kg.da To‘rabek Habibullayev final jangida angliyalik Isaak Okoxga qarshi ringga ko‘tarilishi kerak edi. Biroq, raqibi jarohat olgani sababli jang qila olmasligini bildirgan. Shu tariqa, To‘rabek Jahon kubogi g‘olibiga aylandi.
-48 kg. vazn toifasidagi vakilimiz Farzona Fozilova Jahon kubogining kumush medalini qo‘lga kiritdi.
Afsuski, yarim finalda mag‘lub bo‘lgan Arman Maxanov, Akmaljon Isroilov, Aziza Zokirova hamda Sitora Turdibekova musobaqani bronza medali bilan yakunlaydigan bo‘ldi.
Finalchilar soni bo‘yicha O‘zbekiston 7 nafar bokschi bilan peshqadamlik qilmoqda. Keyingi o‘rinlarni Xitoy (6 nafar) va Qozog‘iston (5 nafar) egallab turibdi. Shuningdek, Hindiston va Fransiyadan 4 nafardan, Braziliyadan 3 nafar, Angliya, AQSH hamda Italiyadan 2 nafardan sportchi finalga chiqqan. Xitoy Taypeyi, Bolgariya, Ozarbayjon, Germaniya va Kanada esa bittadan finalchiga ega.
Javohir Toshxo‘jayev, O‘zA