10 ming yoshga noutbuk olish xarajatining yarmi qoplab beriladi
Prezident Shavkat Mirziyoyev yoshlar bilan uchrashuv o‘tkazmoqda.
“Raqamli hukumat” markazida birinchi superkompyuter klasteri ishga tushirildi. Keyingi yil klaster quvvati 3 karra oshiriladi. Joriy yilda 20 ta oliygohda sun’iy intellekt laboratoriyasi tashkil etiladi.
Yoshlar tarmoq va hududdagi masalalarga sun’iy intellekt orqali yechim topishda ushbu superkompyuter va laboratoriyadan bepul foydalanadi.
So‘nggi yillarda Toshkent, Nukus, Qarshi, Termiz, Urganch, Farg‘ona shaharlarida zamonaviy AT parklar ishga tushirildi. O‘tgan hafta Yangi Namanganda yana bir yirik loyihaga start berildi.
Andijon, Samarqand, Jizzax, Buxoro, Guliston, Chirchiq, Nurafshon, Navoiy shaharlarida ham umumiy maydoni 100 ming kvadrat metr bo‘lgan yirik AT parklar barpo etish boshlanyapti.
Bular hisobiga 20 mingdan ziyod o‘g‘il-qizlar uchun yuqori daromadli ish o‘rni yaratiladi.
Shuningdek, “Mening birinchi kompyuterim” dasturi boshlanadi. Ehtiyojmand oiladagi 10 ming yoshga noutbuk olish xarajatining yarmi Raqamli texnologiyalar jamg‘armasidan qoplab beriladi, qolgan qismiga esa uch yilda bo‘lib to‘lash sharti bilan foizsiz ssuda ajratiladi.
O‘zA