Senat: yoshlar tashabbuslari qo‘llab-quvvatlanadi, volontyorlik harakati rivojlantiriladi
30-iyun – Yoshlar kuni munosabati bilan Oliy Majlis Senati Raisi Tanzila Norboyeva volontyor yoshlar bilan ochiq muloqot o‘tkazdi.
Ta’kidlanganidek, mamlakatimizda yoshlarning fuqarolik faolligini yuksaltirish, ularning tashabbuslarini qo‘llab-quvvatlash va volontyorlik harakatini keng rivojlantirish davlat siyosatining ustuvor yo‘nalishlaridan biri hisoblanadi. Bugungi kunda volontyorlar ta’lim, ekologiya, madaniyat, sport, xayriya, ijtimoiy himoya va boshqa qator sohalarda amalga oshirayotgan ezgu tashabbuslari bilan jamiyat taraqqiyotiga munosib hissa qo‘shmoqda.

Ochiq muloqot davomida volontyor yoshlar o‘z faoliyati davomida to‘plagan tajribalari, hududlarda volontyorlik harakatini yanada kengaytirish, yoshlarni ushbu ezgu harakatga keng jalb qilish, shuningdek, sohaga oid qonunchilikni takomillashtirish yuzasidan aniq taklif va tashabbuslarini bildirdi.
Yoshlarni qiziqtirayotgan dolzarb masalalar atroflicha muhokama qilinib, volontyorlik infratuzilmasini rivojlantirish, davlat organlari va fuqarolik jamiyati institutlari o‘rtasidagi hamkorlikni mustahkamlash, ilg‘or xorijiy tajribani joriy etish hamda bildirilgan takliflarni amaliyotga tatbiq etish mexanizmlari yuzasidan fikr almashildi.

Muloqotda faol volontyorlarning mamlakatda amalga oshirilayotgan islohotlardagi ishtiroki, aholiga ijtimoiy ko‘mak ko‘rsatish, ekologik madaniyatni yuksaltirish, yoshlar o‘rtasida vatanparvarlik, bag‘rikenglik va ijtimoiy mas’uliyat tuyg‘usini mustahkamlash borasidagi xizmatlari alohida e’tirof etildi. Volontyorlik madaniyatini keng ommalashtirish, yoshlarning fuqarolik faolligini qo‘llab-quvvatlash hamda mazkur harakatni tizimli ravishda rivojlantirish muhim vazifa ekani ta’kidlandi.

Tadbir doirasida volontyorlik harakati doirasida amalga oshirilayotgan ijtimoiy ahamiyatga ega loyihalar ko‘rgazmasi ham tashkil etildi. Unda ta’lim, ekologiya, madaniyat, sport, xayriya va ijtimoiy himoya sohalaridagi ilg‘or tashabbuslar, innovatsion g‘oyalar hamda istiqbolli loyihalar namoyish etildi.
Tadbir yakunida Senat huzuridagi Yoshlar parlamenti, O‘zbekiston Volontyorlar assotsiatsiyasi hamda “Ziyo forum” jamg‘armasi o‘rtasida hamkorlik memorandumi imzolandi.

Mazkur hujjat volontyorlik harakatini yanada rivojlantirish, yoshlarning tashabbuslarini qo‘llab-quvvatlash, qo‘shma loyihalarni amalga oshirish hamda davlat organlari bilan fuqarolik jamiyati institutlari o‘rtasidagi hamkorlikni yangi bosqichga olib chiqishga xizmat qiladi.
N.Abduraimova,
O‘zA