1 milliard so‘mdan ortiq naqd pul kirimlari kuchaytirilgan nazoratga olinishi mumkin
O‘zbekiston Markaziy banki jinoiy faoliyatdan olingan daromadlarni legallashtirishga qarshi kurashish bo‘yicha ichki nazorat qoidalariga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritishni taklif qildi.
Mazkur loyiha 4-aprelgacha jamoatchilik muhokamasiga qo‘yilgan.
Loyihaga ko‘ra, bank hisobvaraqlarida ayrim operatsiyalar «yuqori darajadagi tavakkalchilik» yoki «shubhali operatsiya» sifatida baholanishi mumkin. Jumladan, 30 kun ichida jismoniy shaxs hisobraqamiga 1,03 mlrd. so‘mdan (BHMning 2500 baravari) ortiq naqd pul kirimi amalga oshirilsa, bunday operatsiyalar qo‘shimcha monitoringdan o‘tkaziladi. Markaziy bankning qayd etishicha, katta miqdordagi naqd pul harakatlari mablag‘larni yashirish yoki jinoiy daromadlarni legallashtirish bilan bog‘liq bo‘lishi mumkin.
Shuningdek, 16 yoshga to‘lmagan shaxslar hisobvaraqlarida mablag‘larning keskin harakati ham gumonli operatsiya sifatida baholanishi mumkin. Xususan, ikki ish kuni mobaynida BHMning 40 baravaridan (16,48 mln. so‘m) ortiq mablag‘ aylanmasi kuzatilsa, banklar bunday operatsiyalarni alohida nazoratga oladi.
Markaziy bank izohiga ko‘ra, 16 yoshga to‘lmagan shaxslar mustaqil ravishda yirik moliyaviy qarorlar qabul qilish huquqiga ega emas. Shu bois, ularning hisobvaraqlarida qisqa vaqt ichida katta mablag‘ harakati uchinchi shaxslar tomonidan hisobdan foydalanish, firibgarlik sxemalari yoki noqonuniy faoliyat bilan bog‘liq bo‘lishi mumkin.
Bundan tashqari, 30 kun davomida BHMning 1000 baravariga (412 mln. so‘m) teng yoki undan ortiq mablag‘larning FATF tomonidan kuchaytirilgan monitoring ostidagi davlatlardan kelib tushishi yoki ushbu davlatlarga o‘tkazilishi ham shubhali operatsiya sifatida baholanishi mumkin.
Shu bilan birga, karta yoki elektron hamyonlarga 412 mln. so‘mdan ortiq mablag‘ tushishi bo‘yicha mezon ko‘chmas mulk va transport vositalari oldi-sotdisida eskrou hisobvaraqlari orqali amalga oshirilgan operatsiyalarga tatbiq etilmaydi.
Loyiha, shuningdek, yuridik shaxslar va yakka tartibdagi tadbirkorlar uchun import shartnomalari bo‘yicha nazorat mezonlarini ham aniqlashtirmoqda. Agar import shartnomasi doirasida debitorlik qarzini xizmat yoki tovar orqali qoplash amalga oshirilsa va operatsiya summasi 30 kun davomida 1,236 mlrd. so‘mga (BHMning 3000 baravari) yetsa, bunday holatlar shubhali operatsiya sifatida baholanishi mumkin.
Yangi o‘zgartishlarda yuqori tavakkalchilik toifasiga kiritiladigan mijozlar doirasi ham qayta ko‘rib chiqilmoqda. Jumladan, nominant ta’sischilarga ega yuridik shaxslarni ushbu toifaga kiritish taklif etilgan. Markaziy bank ma’lumotiga ko‘ra, bunday tuzilmalar haqiqiy mulkdorlarni yashirish va moliyaviy operatsiyalarning maqsadini aniqlashni qiyinlashtirishi mumkin.
Shuningdek, banklar shubhali operatsiyalar bo‘yicha kompleks tahlil o‘tkazishi shart bo‘ladi. Bunda tranzaksiya ishtirokchilari haqidagi ma’lumotlar, mablag‘ manbalari, operatsiyalar geografiyasi va ishtirokchilar o‘rtasidagi bog‘liqliklar o‘rganiladi. Zarur hollarda vakolatli organlarga xabar berilishi mumkin.
Eslatib o‘tamiz, ushbu loyiha doirasida 10,3 mln. so‘mdan yuqori pul o‘tkazmalari bo‘yicha ham qo‘shimcha ma’lumotlarni taqdim etish talabini joriy etish rejalashtirilgan.
Sh.Mamaturopova,
O‘zA