086-shakldagi tibbiy ma’lumotnomani onlayn yuklab olsa bo‘ladi
Endi tibbiy ma’lumotnomani olish uchun shifoxonaga qayta borish va navbatlarda turishingiz shart emas.
Chunki, my.gov.uz portalining "Sog‘liqni saqlash" bo‘limi orqali 086-shakldagi tayyor ma’lumotnomani onlayn yuklab olish imkoniyati yaratildi.
Sog‘liqni saqlash vazirligi matbuot xizmatining ma’lum qilishicha, bu turdagi ma’lumotnoma quyidagi toifadagi fuqarolarga taqdim etiladi:
– OTM, litsey va kollejlarga hujjat topshiruvchi abituriyentlar;
– sportchilar va ishga kiruvchi nomzodlar;
– sudyalik lavozimiga tayinlanadiganlar;
– “Muruvvat” va “Saxovat” uylariga yo‘llanma oluvchi keksalar hamda nogironligi bo‘lgan shaxslar.
Ma’lumotnomani onlayn yuklab olish uchun my.gov.uz portaliga kiriladi va “Sog‘liqni saqlash” bo‘limiga o‘tiladi, “086-shakldagi tibbiy ma’lumotnomani olish” xizmati tanlanib, hujjat yuklab olinadi.
Darvoqe, ma’lumotnoma portalda shakllanishi uchun fuqaro avval tegishli tibbiyot muassasasida shifokorlar ko‘rigidan o‘tgan bo‘lishi lozim. Shifokorlar xulosasi bazaga kiritilgach, hujjatni masofadan turib bepul olishingiz mumkin.
M.Qosimova,
O‘zA