Yunon-rum kurashchimiz “PWL 11” kamarini qo‘lga kiritdi
Poytaxtimizdagi "Humo arena" majmuasida sport kurashlari bo‘yicha dunyoning eng kuchli va nomdor sportchilari ishtirokida o‘tkazilgan “PWL 11” musobaqasi kutilganidan-da qiziqarli kechdi.
Turnirda 24 juftlik ishtirokida bellashuvlar tashkil etilgan bo‘lsa, uning markaziy bahsi yunon-rum kurashi bo‘yicha O‘zbekiston terma jamoasi a’zosi, jahon va qit’a chempioni Aytjan Xalmaxanov hamda "Tokio-2020" Olimpiadasi g‘olibi, "Parij-2024" sovrindori, jahon chempioni, kubalik Luis Alberto Orta Sanches o‘rtasida kechdi.

Murosasiz kechgan bellashuvda hamyurtimiz Aytjan Xalmaxanov har jihatdan o‘z ustunligini namoyish qildi. -67 kg. vazn toifasida Luis Albertoni muddatidan avval 10:0 hisobida mag‘lub etgan Xalmaxanov ushbu vaznda chempionlik kamarini qo‘lga kiritdi.

Qolgan juftliklarda o‘zbekistonlik Razambek Jamalov, Sherzod Poyonov, G‘ulomjon Abdullayev, rossiyalik Sadik Lalayev, Inalbek Sheriyev, mo‘g‘ulistonlik Tulga Tumur-Ochir, qirg‘izistonlik Sezim Jumanazarova muvaffaqiyatga erishdi.
T.Ro‘ziyev, O‘zA