Jahon shaxmat ishqibozlari e’tibori Kiprga qaratilmoqda
Bugun, 28-mart kuni Kiprda Xalqaro shaxmat federatsiyasi tomonidan o‘tkaziladigan Nomzodlar turniri musobaqasining tantanali ochilish marosimi bo‘lib o‘tadi.
Dunyoning eng mahoratli 8 nafar erkak va 8 nafar ayol grossmeysterlari ishtirokida boshlanayotgan Jahon chempionligi yo‘lida kurashga chog‘langan da’vogarlar orasida hamyurtimiz, 2025-yilgi jahon kubogi g‘olibi Javohir Sindorovning borligi barchamizga cheksiz g‘urur bag‘ishlamoqda.

Nomzodlar turnirida shaxmatchilar aylanma tizimdagi bahslarda dona suradi. Ya’ni, har bir ishtirokchi boshqalar bilan ikki martadan — bir marta oq, bir marta qora donalarda kuch sinashadi. Turnir davomida jami 14 ta tur o‘yinlari tashkil etiladi.
O‘tgan yilgi nufuzli shaxmat musobaqalari natijasida hamyurtimiz Javohir Sindorov, germaniyalik Matias Blyubaum, hindistonlik Rameshbabu Praggnanandxa, AQSHlik Fabiano Karuana va Hikaru Nakamura, niderlandiyalik Anish Giri, xitoylik Vey I, rossiyalik Andrey Yesipenko Nomzodlar turnirida qatnashish huquqiga ega chiqdi.

Ular klassik shaxmat bo‘yicha amaldagi jahon chempioni Gukesh bilan chempionlik toji uchun kurash olib borish huquqiga ega chiqish yo‘lida bahs olib boradi.
Ayollar o‘rtasidagi bahslarda esa ukrainalik Anna Muzichuk, hindistonlik Vayshali Rameshbabu, Divya Deshmukx, xitoylik Tan Chjuni, Chju Sziner, rossiyalik Katerina Lagno va Aleksandra Goryachkina, qozog‘istonlik Bibisara Assaubayeva, xitoylik Szyu Venszyun shaxmat toji uchun kuch sinashadi.

FIDE tomonidan e’lon qilingan qur’a natijalariga ko‘ra, ertaga o‘tkaziladigan 1-tur musobaqasida Sindorov qora donalarda Yesipenko bilan kuch sinashadi. Shuningdek, Blyubaum — Vey I, Praggnanandxa — Giri, Karuana — Nakamura qarama-qarshiligidagi o‘yinlar bo‘lib o‘tadi.
Ayollar o‘rtasida kechadigan dastlabki turda Divya Deshmukx — Anna Muzichuk, Vayshali Rameshbabu — Bibisara Asaubayeva, Aleksandra Goryachkina —Katerina Lagno, Chju Sziner — Tan Chjuni ro‘baro‘ kelishadi.
Musobaqalar 16-aprelga qadar davom etadi.
To‘lqin Ro‘ziyev, O‘zA