Yangi hayotga berilgan ikkinchi imkoniyat
Munosabat
Baxt tushunchasini har kim har xil tasavvur qiladi. Kimdir uni tinchlik-xotirjamlik yoki sihat-salomatlikda, boshqa birov oila, do‘stlar, yaxshi daromadli ishda, deb biladi. Umuman, baxt haqida gap borganda, har kim uni o‘z dunyoqarashi, tafakkuri, qarichi bilan o‘lchaydi. Mahkumlikdagi odam uchun esa ozodlik, oilasi bag‘rida bo‘lish eng katta baxt sanaladi.
So‘nggi yillarda davlat rahbari tomonidan olib borilayotgan insonparvarlik siyosati nafaqat qonunlarda, balki amaliy ishlar orqali ham o‘z ifodasini topmoqda. Ayniqsa, Navro‘z umumxalq bayrami va muborak Ramazon hayiti arafasida qabul qilinayotgan qaror va farmonlar xalqimizga xos bag‘rikenglik, kechirimlilik va mehr-oqibat kabi ezgu fazilatlarni yanada yorqin namoyon etmoqda.

Davlatimiz rahbari tomonidan imzolangan “Jazo muddatini o‘tayotgan, qilmishiga chin ko‘ngildan pushaymon bo‘lgan va tuzalish yo‘liga qat’iy o‘tgan bir guruh shaxslarni afv etish to‘g‘risida”gi farmon ana shunday insonparvarlik siyosati namunasidir. Ushbu farmon orqali jamiyatda adolat va insof tamoyillari yanada mustahkamlanib, xatosini anglab yetgan insonlarga yangi hayot boshlash imkoniyati yaratildi.
Farmonga muvofiq, 392 nafar shaxs afv etildi. Bu raqam ortida qanchadan-qancha inson taqdiri, oila baxti va kelajakka bo‘lgan umid mujassam ekanini anglash qiyin emas. Afv etilgan shaxslarning 223 nafari asosiy jazodan to‘liq ozod etildi. Bu esa ularning to‘liq erkin hayotga qaytishini ta’minlaydi.
Shuningdek, 82 nafar shaxs jazoni o‘tashdan muddatidan ilgari shartli ozod qilindi. 34 nafar shaxsning jazosi yengilroq jazo bilan almashtirildi, 53 nafarining esa jazo muddatlari qisqartirildi. Ushbu raqamlardan ko‘rish mumkinki, davlatimiz tomonidan har bir holat individual tarzda ko‘rib chiqlib, inson taqdiriga befarq qaralmayotganini ko‘rsatadi.
E’tiborlisi avf etilganlarning 3 nafarini chet el fuqarolari tashkil etadi. Bu esa O‘zbekistonning xalqaro miqyosda ham insonparvarlik tamoyillariga sodiqligini ko‘rsatadi. Shuningdek, 26 nafar ayol, 14 nafar 60 yoshdan oshgan shaxs va 166 nafar yosh afv etilgani alohida e’tiborga molik. Bu toifalarga kiruvchi shaxslar jamiyatda alohida himoya va e’tiborga muhtoj qatlamlar hisoblanadi.
Yoshlarning afv etilishi, ayniqsa, muhim ahamiyatga ega. Chunki ular hali hayotda o‘z o‘rnini topib ulgurmagan, xatolardan to‘g‘ri xulosa chiqarib, kelgusida jamiyatga foyda keltirishi mumkin bo‘lgan qatlamdir.
Shu o‘rinda aytib o‘tish joizki, joriy yil 24-fevral kuni Prezidentimiz yoshlar bilan o‘tkazgan ochiq muloqotida jazoni ijro etish muassasalarida jazo muddatini o‘tab bo‘lgan yoshlarning ijtimoiy hayotga tez moslashishini ta’minlash masalasida “Ikkinchi imkon” loyihasi tashabbusini ilgari surgan edi. Bunday yoshlar loyiha doirasida 8-12 oylik intensiv kurslarda dasturlash, veb dizayn, kompyuter muhandisligi, boshqa kasblar va xorijiy tillarga o‘qitilib, daromadli ishga ega bo‘ladi.
Shuningdek, farmon bilan umumiy afv etilgan shaxslarni oilasi va yaqinlari bag‘riga qaytarish, ularni ish bilan ta’minlash, sog‘lom turmush tarzini shakllantirish va jamiyatda munosib o‘rin topishlariga ko‘maklashish ishlari amalga oshiriladi. Bu esa afvning faqat huquqiy emas, balki ijtimoiy ahamiyati ham katta ekanini ko‘rsatadi. Chunki inson jamiyatdan chetda qolmasdan, unda faol ishtirok etsa, jinoyatchilikning kamayishiga ham xizmat qiladi.
Xulosa qilib aytganda, mazkur afv farmoni O‘zbekistonda inson qadrini ulug‘lash, adolat va insonparvarlik tamoyillarini ta’minlash yo‘lidagi muhim qadamlardan biridir. Bu orqali yuzlab insonlarga yangi hayot boshlash imkoniyati berildi.
Eng muhimi, bu kabi qarorlar jamiyatda mehr-oqibat, kechirimlilik va bag‘rikenglik muhitini mustahkamlaydi. Bu esa, o‘z navbatida, mamlakatimizda tinchlik va barqarorlikni ta’minlashga xizmat qiladi.
Mavluda ADHAMJONOVA,
Oliy Majlis Qonunchilik palatasidagi
“Adolat” SDP fraksiyasi a’zosi.
O‘zA