Alpomishni jahonga tanitgan zahmatkash olim
Millatning o‘z qiyofasini saqlab qolishida xalq og‘zaki ijodi, uning boy ma’naviy merosi, dostonlari muhim o‘rin egallaydi. O‘zbekiston Respublikasi fan arbobi, akademik, folklorshunoslik ilmining darg‘asi To‘ra Mirzayev xalq ijodiyoti, dostonchilikka umrini baxshida etgan fidoyi ustozlardan edi.
O‘zbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasi Abu Rayhon Beruniy nomidagi Sharqshunoslik institutida ustoz folklorshunos To‘ra Mirzayev tavalludining 90 yilligiga bag‘ishlab “Turkiy xalqlar folklorining qiyosiy tadqiqi: lokal xususiyatlar va ilmiy nazariy yondashuvlar” mavzusida o‘tkazilgan xalqaro ilmiy-amaliy anjumanda o‘zbek folklorshunos olimining zahmatli va fidokorona mehnatlari xususida batafsil so‘z yuritildi.

Anjumanda e’tirof etilganidek, akademik To‘ra Mirzayev o‘zbek folklorshunoslik fanining chinakam darg‘asi, bilimdoni, fidoyisi edi. Ustoz nainki yirik olim, balki o‘zbek xalq og‘zaki ijodini dunyoga tanitgan zahmatkash tadqiqotchi sifatida tarixda qoldi.
To‘ra Mirzayev “Alpomish” dostonining turli variantlarini nashrga tayyorlash va tadqiq etishga ulkan hissa qo‘shgan inson sifatida keng jamoatchilik va xalqimiz uchun qadrli. Uning sa’y-harakatlari bilan ko‘plab xalq baxshilarining ijodi ilmiy asosda o‘rganilgan va saqlab qolingan.
Ustoz tadqiqotchi ko‘plab shogirdlar tarbiyalagan va o‘zbek folklorshunosligida “To‘ra Mirzayev maktabi”ni shakllantirib, umrini shu sohaga bag‘ishlagan inson edi. Uning “Ustozlar, safdoshlar, izdoshlar” kitobi adabiyotshunoslik olamida yuksak qadrlanadi.

Uning ilmiy merosi bugungi kunda ham o‘zbek milliy qadriyatlarini o‘rganishda eng muhim manbalardan biri bo‘lib xizmat qilmoqda.
Alisher Navoiy nomidagi davlat adabiyot muzeyi direktori, filologiya fanlari doktori Jabbor Eshonqulovning fikricha, To‘ra Mirzayev ilmiy davralarda nainki yirik olim, balki o‘zbek folklorshunosligining "ustuni" va "vijdoni" sifatida e’tirof etiladi. To‘ra Mirzayev "Alpomish" dostonining variantlarini qiyosiy o‘rganish orqali o‘zbek eposshunosligida inqilob qilgan, bu boradagi ishlarini tadqiq va targ‘ib etishda ilmiy jasorat ko‘rsatgan inson sifatida shogirdlari va dunyo olimlari e’tirofiga sazovor bo‘lgan inson edi.
– Aynan To‘ra Mirzayevning xorijiy olimlar bilan o‘rnatgan aloqalari tufayli o‘zbek dostonchiligi maktabi dunyodagi yetakchi ilmiy markazlar tomonidan tan olingan, – dedi adabiyotshunos, folklorshunos olim, filologiya fanlari doktori Jabbor Eshonqulov. – To‘ra Mirzayev “Alpomish” dostoni nafaqat o‘zbek xalqi, balki butun bashariyatning noyob madaniy merosi ekanini ilmiy asoslab berdi. Buning natijasida o‘z davrida YUNESKO dostonning 1000-yilligini nishonlash haqida qaror qabul qildi.
Qiziqarli mavzularga boy bo‘lgan mazkur xalqaro anjumanda dunyoning turli davlatlaridan kelgan folklorshunos olimlar qatnashdi.
Anjuman davomida ishtirokchilar “Alpomish”, “Qo‘rqut ota”, “Go‘ro‘g‘li”, “Hodi Zarif”, “Mashriqo” kabi yig‘inlarga bo‘lingan holda mavzuga oid ma’ruzalarni atroflicha muhokama qildi.
Nazokat Usmonova,
O‘zA muxbiri