Yangi Farg‘onada yangilanish davri
Vodiy durdonasi – Yangi O‘zbekistonda amalga oshirilayotgan jadal islohotlar va salmoqli yutuqlarning yorqin ko‘zgusiga aylanayotgan Farg‘ona bugun yangilanish davrini boshdan kechirmoqda, desak, aslo mubolag‘a bo‘lmaydi. Davlatimiz rahbarining bu zaminga tashrifi mehnatkash, fidoyi farg‘onaliklarning olamshumul marralar sari intilayotgani, yuksak orzu intilishlar bilan yashayotganini yana bir bor yaqqol namoyon etdi.
Xususan, so‘nggi o‘n yillikda Farg‘ona viloyati iqtisodiyotiga jami 8 milliard 200 million dollar miqdorida investitsiyalar jalb etilib, 8 mingta zamonaviy ishlab chiqarish quvvati ishga tushirildi. Bu raqamlar ortida minglab yangi ish o‘rinlari va millionlab insonlarning taqdiri mujassam. Tadbirkorlikni qo‘llab-quvvatlash maqsadida 100 trillion so‘mlik ulkan resurs yo‘naltirilgani, tijorat maydonlarining 10 million kvadrat metrga kengaygani hududda biznes muhiti nechog‘lik rivojlanganidan dalolat beradi.

Kichik va o‘rta biznes sub’ektlari soni ikki barobarga ortib, 13,5 mingtaga yetgani viloyatni haqli ravishda “tadbirkorlar yurti”ga aylantirdi. Buning natijasida yalpi hududiy mahsulot 1,7 barobarga, sanoat 1,5 barobarga, xizmatlar sohasi esa 3 barobarga o‘sdi. 2026-yil uchun belgilangan maqsadlar yanada salmoqli: iqtisodiyotni 9,1 foizga o‘stirish, 4,5 milliard dollar to‘g‘ridan-to‘g‘ri investitsiya jalb etish va eksport hajmini 2 milliard dollarga yetkazish vazifasi qo‘yilgan.
Prezidentimiz ta’kidlaganidek, islohotlarning bosh mezoni inson qadrini ulug‘lashdir. Farg‘onada so‘nggi to‘rt yilda ishsizlik darajasi 9,2 foizdan 4,6 foizga, kambag‘allik ko‘rsatkichi esa 11,6 foizdan 5,2 foizga tushgani ijtimoiy siyosatning yuksak samarasidir. Urbanizatsiya jarayonlari ham yangi bosqichga ko‘tarildi: Marg‘ilonning Ipakchi va Qirguli mahallalarida 241 ta eski hovli o‘rnida 2,5 ming xonadonli zamonaviy ko‘p qavatli uylar qad rostladi. “Navro‘z” mahallasidagi “Yangi O‘zbekiston” massiviga esa joriy yili 6,5 ming oila ko‘chib kiradi.
Ta’lim va sog‘liqni saqlash sohalarida amalga oshirilgan uzoq yillik sa’y-harakatlar natijasida viloyatda 74 ming o‘rinli maktablar va 145 ming o‘rinli bog‘chalar barpo etildi. 167 ta xususiy maktabning tashkil etilishi hamda ta’lim sifatining oshishi Farg‘ona yoshlarini oliy ta’limga qamrab olish ko‘rsatkichi bo‘yicha Respublikada uchinchi o‘ringa olib chiqdi.
Farg‘ona bugun raqamlashtirish bobida ham peshqadamlar safidan o‘rin olganini alohida ta’kidlash joiz. "Besh million sun’iy intellekt yetakchisi" dasturi doirasida sertifikat olgan yoshlarning eng ko‘p ulushi aynan Farg‘ona viloyatiga to‘g‘ri kelayotgani ham bu yuksalishning yorqin ifodasidir. Viloyatda IT xizmatlari 4 barobarga o‘sib, ularning eksporti 23 million dollardan oshdi. Farg‘ona shahrida IT-Park universiteti va Marg‘ilonda INHA universiteti filialining ochilishi yiliga 1 ming nafar yuqori malakali mutaxassis tayyorlash imkonini beradi.
Davlatimiz rahbari topshirig‘iga ko‘ra, Yozyovon tumani iqtisodiy salohiyati sun’iy intellekt yordamida tahlil qilinganda, A-373 magistrali atrofida logistika va servis yo‘nalishlari orqali iqtisodiy aylanmani 1 trillion so‘mga oshirish mumkinligi aniqlandi. Elektron tijoratni rivojlantirish maqsadida viloyatda 100 ming kvadrat metrlik yirik omborxonalar bunyod etilmoqda.
Qishloq xo‘jaligida "Quva Agrostar" tajribasi asosida 50 ming gektar yerda super intensiv bog‘lar barpo etish dasturi amalga oshiriladi. Joriy yili meva-sabzavot eksportini 500 million dollarga yetkazish rejalashtirilgan. Sanoat zonalarining har bir gektaridan kamida 50 milliard so‘mlik mahsulot olish talabi esa yerdan unumli foydalanishni yangi darajaga ko‘taradi. Beshariqdagi "Andarxon" erkin savdo zonasi va Qo‘qondagi 70 million dollarlik savdo majmuasi kelgusida mintaqaviy savdo markazlariga aylanadi.
Transport sohasida 324 kilometrlik Vodiy temir yo‘l halqasining ishga tushirilishi va chipta narxining 15 000 so‘m etib belgilanishi aholi uchun mislsiz qulaylik yaratdi. 2030-yilgacha 500 kilometr yangi temir yo‘l qurilishi hamda tezyurar poyezdlar sonining ko‘paytirilishi orqali Farg‘ona global transport oqimlarining chorrahasiga aylanadi. Yangi ishga tushirilgan elektropoyezdning ilk safarida davlatimiz rahbarining shaxsan o‘zlari jamoatchilik vakillari bilan birga Qo‘qondan Marg‘ilongacha yo‘l olib, bir piyola choy ustida samimiy suhbat qurganlari esa bu xayrli ishlarning chin dildan amalga oshirilayotganidan dalolat beradi.
Farg‘ona turizm sohasida ham sezilarli natijalarga erishdi. 2025-yilda xorijiy turistlar sonining 500 mingdan oshgani va turizm eksporti 185 million dollarga yetgani buning yorqin isbotidir. Kelasi yil yakuniga qadar 300 million dollar miqdoridagi 50 ta yangi loyiha, jumladan, "Shohimardon – Yordon" kurort zonasi hamda "Vodil" malina-agroturizm klasteri ishga tushiriladi. Qo‘qondagi 64 ta madaniy meros ob’ekti bo‘ylab piyoda marshrutlar yaratilishi va tarixiy obidalarning zamonaviy madaniyat maskanlariga aylantirilishi qadimiy shaharga yangicha ruh bag‘ishlaydi.
Mamlakatimiz yetakchisining tashrifi davomida vodiy ahli ma’naviy hayotida yuz bergan muhim voqealar – Marg‘ilonda "Burhoniddin Marg‘inoniy" majmuasining ochilishi va Xalqaro kitobxonlik festivalining o‘tkazilishi bo‘ldi. Shuningdek, Marg‘ilonda Yusufjon qiziq Shakarjonov nomidagi Respublika askiya va qiziqchilik san’ati markazining tashkil etilishi milliy san’atimizni asrab-avaylash yo‘lidagi ulkan qadam sifatida baholanmoqda.
Prezidentimiz tashabbusi bilan 2026-yilning "Mahallani rivojlantirish va jamiyatni yuksaltirish yili" deb e’lon qilinishi Farg‘onadagi islohotlar samarasini har bir xonadonga yetkazmoqda. Mahallabay ishlash tizimi orqali tadbirkorlikka yo‘naltirilayotgan 140 trillion so‘mlik mablag‘lar viloyatning har bir go‘shasida farovonlikni ta’minlashga xizmat qiladi.
Bugungi o‘zgarishlardan ko‘rinib turibdiki, jonajon Farg‘onamiz nafaqat tarix durdonasi, balki kelajak innovatsiyalari, shiddatli sanoat va yuksak madaniyat uyg‘unlashgan Yangi O‘zbekistonning haqiqiy mayog‘iga aylanib ulgurdi. Vodiyda amalga oshirilayotgan har bir islohot, har bir bunyodkorlik ishi mehnatkash xalqimizning baxtli hayoti va ertangi kunga bo‘lgan mustahkam ishonchida o‘z aksini topmoqda.
Manzura Salimova,
Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati.
O‘zA